Меню
Қашқадарё
ERTA TURMUSHNING “MUSHTI”
E’tibor bergan bo‘lsangiz, ota-onasining orzu-havasi yo‘lida yoki bo‘lmasa, o‘tkinchi hissiyotlarga berilib, erta turmush qurgan aksariyat yigit-qizlar bugun kamdan-kam hollarda oilaviy baxtga erishishmoqda. Tabiiyki, hayotiy tajriba yetishmasligi, qolaversa, turmush, ro‘zg‘or borasidagi tasavvurlar torligi sabab, ular har qadamda muammoga duch kelishlari aniq. Oxir-oqibat esa hammasiga “taqdir aybdor” bo‘ladi...
Bunday holatlarga qanday omillar sabab bo‘layapti? Aholi orasida tushuntirish, targ‘ibot ishlari keng ko‘lamda olib borilishiga qaramay, bu masalaning kun tartibidan tushmayotganini qanday izohlash mumkin?
- Bugun qiz bolaning oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi, ayollarning davlat tashkilotlarida ishlashi shart emas, uy-ro‘zg‘or yumushlarini, bola parvarishini eplasa bo‘ldi, degan aqidalar eskirdi, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilfuza Jalilova. - Endi ota-onalarimiz qizlarini “tezroq egasiga topshirish”, “tengi chiqsa, tekin berish” haqida emas, sog‘lom, bilimli, ma’rifatli qilib voyaga yetkazish haqida ko‘proq qayg‘urishayapti. Qizlarning o‘qishi, ma’rifatli bo‘lishi ularning o‘zlari, oilalari uchungina emas, balki yurt ravnaqi, jamiyat taraqqiyoti uchun ham juda muhim ekanligi bugun kundek ravshan bo‘lib qoldi. Qizlarimizni erta turmushga uzatishning salbiy oqibatlarini ongli ravishda anglayapmiz. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yoshlarimiz orasida hamon qayd etilayotgan erta turmush qurish holatlarining salbiy asoratlari nafaqat o‘sha oila, balki jamiyat kayfiyatiga ham sezilarli darajada ta’sir qilayotgani juda achinarli. Balog‘at yoshiga yetmagan yigit-qizlar oila qurishning mas’uliyatini to‘laligicha his qila olmaydilar. Hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan bu yoshdagilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, og‘ir damlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga qarshi birgalikda kurashish kabi xususiyatlar to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, erta nikoh qurish o‘z navbatida to‘liq bilim olishga, hunar egallashga ham to‘sqinlik qiladi. Natijada bunday oilalarda moddiy jihatdan yetishmovchiliklar yuzaga keladi. Bu esa o‘z navbatida oilaviy mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Oxir-oqibat yangi kelin-kuyov bir-biriga ko‘nikishga ulgurmay, oilaviy munosabat darz keta boshlaydi. Bunday nikohlarning aksariyati ajralishlar bilan yakun topayotgani oila mustahkamligiga bir qadar mas’ul insonlar sifatida bizni ham tashvishga soladi.
Xalqimizda qiz bola tarbiyasiga alohida e’tibor bilan yondashiladi. Shu bois ham qiz bolani yoshlikdan yomon ko‘zdan, yomon illatlardan asrash kerak. Zero, qiz bola - birovning xasmi. Kuni kelib, ota-onasining yuzu ko‘zi bo‘lib boshqa xonadonga boradi. Shuning uchun ham yoshi ulug‘lar baxtini topsin, taxtiga yetsin, deb duo qilishadi. Balog‘atga yetgan qizga mehmonday muomala qilinadi. Xatti-harakatidagi eng kichik nuqsonlarni ham tuzatib, uni kelin bo‘lishga tayyorlashadi. Aslida, bunday odob-axloq yo‘rig‘i qiz bolani bekalikka tayyorlash, onalikka ko‘niktirish, demakdir.
- 16-18 yosh ularning ayni o‘qiydigan, biror kasbni egallaydigan davri sanaladi, - deydi viloyat ona va bola skrining markazi bosh shifokori Ziyoda Oblyaqulova. - Hali hayotda huquqiy, ijtimoiy, psixologik, ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lishga ulgurmagan qizni qanday qilib oiladek muqaddas go‘shani barpo qilishga yo‘llash mumkin? Qolaversa, bo‘y-basti, tashqi ko‘rinishi jihatdan balog‘atga yetgandek bo‘lib ko‘ringani bilan yosh qiz hali oilaviy hayotda bajariladigan turli yumushlarga, onalikka yetarli darajada tayyor bo‘lmaydi.
Xalqimizda “Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal” degan purma’no hikmat bor. Viloyatimizda bunday holatlarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Erta nikoh muammosini joylarga chiqib o‘rganish, yoshlar, ota-onalar, mahallalarning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari bilan suhbatlar o‘tkazish, erta nikohning salbiy asoratlari va uning oldini olishga qaratilgan bukletlar, risolalar yozish va tarqatish kabi sa’y-harakatlar shular jumlasidandir.
- Albatta, bugun butun dunyoda yosh qizlarning erta turmush qurishi va ona bo‘lishi, nafaqat ularning sog‘ligiga, balki farzandi kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniq ma’lumotlar asosida isbotlab berilmoqda, - deydi Qarshi davlat universitetining psixologiya kafedrasi dotsenti Mavluda Fayziyeva. - Xususan, Yevropa psixologlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, erta turmush qurgan yoshlarning deyarli barchasida uzoq muddatli ruhiy siqilish holati kuzatilar ekan. Shuningdek, erta turmushga chiqish oqibatida ayollarda yuzdan ziyod kasalliklar yuzaga kelishi mumkinligi aniqlangan.
Qolaversa, mutaxassislarning ta’kidlashicha, go‘dak parvarishi borasidagi no‘noqlik, hamisha atrofidagilardan yordam so‘rash, ro‘zg‘or yuritishdagi tajribasizlik, eriga nisbatan e’tiborining pasayishi, qaynonaning talablariga to‘la javob bera olmaslik ayol ruhiyatida o‘zini past baholash, ikkilanish, xavotirlanish, ruhan ezilish, norozilik kabi bir qator psixologik norasoliklarni yuzaga keltiradi.
Ana shu nuqtai nazardan aytganda, erta turmushga berish qizlarni nafaqat jismonan majruh qiladi, balki ularga ruhiy jihatdan salbiy ta’sir o‘tkazadi. Chunonchi, yoshlarda oilaga, katta yoshdagi kishilarga va umuman, ma’lum bir ma’noda uni qurshab turgan muhitga nisbatan salbiy munosabatni yuzaga keltiradi. Ayni chog‘da mutaxassislar tomonidan yoshlarni oilaviy munosabatlarga ko‘niktirish, uy-ro‘zg‘or yumushlariga o‘rgatish va ularning bu haqdagi tushunchalarini kengaytirish zarurligi qayd etilayotgani ham bejiz emas.
– Erta nikoh qurishning salbiy oqibatlari birinchi navbatda yosh kelinchakda homiladorlikning asoratli kechishida ko‘rinadi, - deydi Ziyoda Oblyaqulova. - Kamqonlik, homila tushish xavfi, surunkali kasalliklarning avj olishi, vaqtidan oldingi tug‘ruq, homiladorlik va tug‘ruq asoratlari ayolni nogironlikka yoki nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Tug‘ruq vaqtida chaqaloqning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishi yoki nobud bo‘lishi, gestoz (shishlar, arterial bosimning oshishi) kabi holatlar erta homiladorlik vaqtida ko‘p kuzatiladi. Shu sababdan bizga maslahatga kelgan yoshlarga erta nikohning xavfli asoratlarini tushuntirish bilan birga, ularga nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikning naqadar muhim ekanligini ham ta’kidlaymiz.
Erta homiladorlik nafaqat yosh ayolning salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki uning ta’lim olishiga, jamiyatdagi o‘rnini topishiga ham to‘siq bo‘ladi. Bundan tashqari, agar yosh ona jismonan, ma’nan hamda ruhan onalikka tayyor bo‘lmasa, bu haqda qanday qilib fikr yuritishi mumkin?!
Zero, Prezidentimiz “Qiz bolani kollejni bitirmasidan, hunar egallamasidan turib, kimki turmushga bermoqchi bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, buni men uzoqni ko‘rmaslik, kalbatinlik deb hisoblayman. Qiz bola, avvalo, kasb egallasin, o‘z fikriga ega bo‘lsin, hayotni anglasin. Shundan keyin u hayotda o‘zining munosib o‘rnini topadi, jamiyatimizning faol a’zosiga aylanadi, ertaga u quradigan oila ham mustahkam bo‘ladi”, deya ta’kidlaganida ming bora haq edi.
Shohista BOZOROVA