Меню
Қашқадарё
ERKAK
Ana, yonidagi xotini ham goh oshqovoqqa o‘xshab xo‘mrayib, goh “jag‘i ochilib qolgan” boshmoqqa o‘xshab tirjayib, uning hammani ezvorgan nutqini eshitib o‘tiribdi...
Adashmasam, bu “qisqa va mazmunli” nutqni to‘xtatish uchun xotini boshlig‘imning oyog‘ini poshnasi bilan g‘archillatib bosib qo‘ydi, shekilli, boshlig‘im “hiq” etib gapdan to‘xtadi-yu, “g‘ulq” etib qo‘lidagini ichib yubordi, so‘ng rangi ko‘karib-bo‘zarib “gurs” etib joyiga o‘tirdi.
“O‘laaa, erkak bo‘lmay!” deyman ichimda, boshlig‘imning ustidan kulib. Yaxshiyam, o‘zimning aqlli xotinim harchand yolvorishlarimga qaramay bir qultum ham ichishga ruxsat bermagani!.. Bo‘lmasa, xudo biladi, kayfchilikda o‘ylaganlarimni sirtimda aytib yuborarmidim...
MUNAJJIMLAR BASHORATI
Avvallari men munajjimlar tomonidan bildirilgan burjlarning tavsifiga ham, ta’biriga ham ishonmas edim.
Shuning uchun birinchi xotinim “arslon” bo‘lgan. Albatta, men bechora “qo‘y” o‘z kushandamga uylanib, katta xatoga yo‘l qo‘yganimni kechroq tushunib yetdim. Yaxshiyam, xotinimning otashin qalbi kengliklarga tashna ekan, torgina kvartiramga ko‘nikolmay, meni tashlab ketdi. Lekin ahmoq bo‘lmasam, “qo‘y”ligimga bormasam, o‘ylamay-netmay ikkinchi martasiga “ilon”ga uylanib o‘tirarmidim?! Mana, qo‘limdagi yangi bosilgan gazetaning “Munajjimlar bashorati” sahifasiga ko‘z yugurtirib ishdan qaytarkanman, oyoqlarim qaltirab-qaltirab ketayapti. Bu yerda bugungi sana uchun “Muhtaram qo‘y, sizni bo‘g‘ishga urinishadi...” deb yozishibdi! O‘-o‘ldim!!!
TUSHUNMOVCHILIK
Yangi tanishgan qizim dugonasi bilan tushgan suratini menga ko‘rsatdi:
- Qarang, suratga tushdik.
- Voy dod! – jilmaydim suratga tikilib. – Ketvorgan ekanu dugonang!
Qiz g‘azab bilan ko‘zlarini menga qadadi. Xatoyimni anglab, darrov tuzatishga urindim:
- O‘o‘o‘o‘o‘!.. – dedim bu safar basharamni bujmaytirib, labimni tugarkanman. – Ujas! Bu tasqara bilan qanday dugona bo‘lib yuribsan o‘zi?!
Yopiray! Ushbu gapimdan keyin qizning menga qadalgan g‘azabnok ko‘zlari ustidagi qoshi ham chimirilib qoldi.
- Nima qil deysan axir? – yolvordim oxiri. – Chiroyli desam yoqmasa, xunuk desam yoqmasa?..
U suratga barmog‘ini nuqidi:
- Ko‘rmayapsizmi?! Suratda faqat dugonam emas, men ham borman-ku!
- Voy doo-od, ketvorgan ekansan sen ham! – men suratga xuddi uni birinchi marta ko‘rib turganday termulib tag‘in iljaydim. Qizning qahrli ko‘zlari ham tag‘in menga o‘qraydi... Attaa-ang, xatoyimni o‘zimcha anglab, basharamni bujmaytirdim:
- O‘o‘o‘o‘o‘!..
Jumlaning qolgan qismini aytish uchun g‘ijimlangan basharamni tekislaganimda, tanishgan qizim qarg‘anganicha ketib borardi. Uff! Doim men bilan shunaqa tushunmovchiliklar bo‘ladi! Alvido, mening sevishimni o‘ziga aytolmaganim, minginchi sevgilim!..
TALABA
Kim qanday tushunsa tushunaversinu, lekin “yigitning omadi yer ostida bo‘ladi”, deganlari chippa-chin ekan! Gadoytopmas qishlog‘imda hech qaysi qiz betimga qaramasdi, katta shaharda katta bir o‘qishga kirib gulchehralarning erkatoyiga aylandim-qoldim. Kunora o‘qish tugaganidan keyin biror tanish qizni olib restoranga kiraman. Be, jaydari yigit shaharning ovqatlarini farqiga borar emishmi, taomlar nomi yozilgan yupqa kitobni mehmonimga qarab uloqtirib yuboraman: “Tanlayver, akang aylansin, boy akangning davrida oshab qol!” Ofatijon oq bilakoyim ham nafis lablarini cho‘chchaytirib, sinaman degan ingichka barmoqlarini nuqigancha taom va ichimlik tanlashga tushadi. O‘lay agar, uning ingichka barmoqlari har to‘xtagan taomlar narxining orqasidagi nollar to‘rttadan kam bo‘lsa! Biroq cho‘ntakdan ko‘nglim to‘q, shuning uchun ham oshkora kibr bilan o‘rindiqda yastani-i-ib o‘tiraman...
Izohlab o‘tsam: cho‘ntakdan xavotirlanmasligimga sabab yaqinda olgan stipendiyamdan ancha-muncha ortgan bo‘ladi, bu safar qadrli biror kiyimimni ham, kerakli biror hujjatimni ham “esdalik”ka qoldirmasdan restorandan chiqib ketamiz. Oq bilakoyimni yashash joyigacha kuzatib qo‘yarkanman, u menga mayin jilmayib qo‘llarini silkiydi. Hah, ishvayu xiromoningdan akang!
So‘ng qadrdon talabalar yotoqxonasiga asta qaytaman... Ammo ko‘pincha mana shunday uchrashuvlardan qaytib, karavotimga cho‘zilganimda kayfiyatim birdan tushadi. Oq bilakoyimdan bu mayin tabassumu, barmoq silkitishdan ortiqroq nimadir kutgan edimmi, bilmayman, ko‘nglimga qumursqadek g‘imirlab o‘kinch o‘rmalaydi. Xo‘rligim kelib, onamni, otamni eslayman. Tushkunlikka bardoshim chidamaydi. Volidamga bo‘lgan mehrim yuragimni sil qilib, uyimizda o‘zim xabarlashib turish uchun qoldirgan eski telefonimning raqamlarini terishni boshlayman. To‘xtab-to‘xtab raqamlarni terar ekanman, onamga aytmoqchi bo‘lgan gaplarim xuddi qog‘ozga bitilayotganday miyamga yozila boshlaydi:
“Assalomu alaykum, enajon, yaxshimisiz? Otajonim ham yaxshimi, mol boqib yuribdilarmi, qishloqning podasi qiynamayaptimi? Enajon, mendan so‘rasangiz, o‘qishlarim yaxshi. Faqat kecha adashib to‘nkaga qoqilib ketibman. Yo‘o‘q, yo‘o‘q, yo‘o‘-o‘-o‘-q, do‘xtirga ko‘rindim, salgina shilinibdi, biror hafta qatnab davolansang bitib ketadi, deyapti. Shanba kuni Abdurashid akaning o‘g‘li Berdishukur qishloqqa boradi. Shunga otam ikkalalaringiz pensalaringizni olgan bo‘lsangizlar... uch-to‘rt so‘m berib yuborsangiz, yaxshi bo‘lardi. (Yaqinda jo‘natganlaringizni obuna, yotoqxona haqi va boshqa xarajatlarimga sarflagan edim). Lekin sira xavotir olmangizlar, do‘xtir ham aytganiday jarohatim xavfli emas. Sizlarni judayam sog‘inganman, xudo xohlasa ikki-uch haftalarda qishloqqa o‘zim ham borib qolsam kerak, deb BITTA-YU BITTA O‘G‘LINGIZ!..”
Bayram ALI