Меню

Қашқадарё

16.06.2016 1283

EL ISHONCHI – YUKSAK MAS’ULIYAT

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2016-yil 5- martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida may-iyun oylarida o‘tkazilgan saylov jarayonlari “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi Qonun talablari, demokratik tamoyillar asosida tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oshkoralik, tenglik, muqobillik mezonlari ustuvorlik kasb etgan saylovda viloyatimiz bo‘yicha 660 nafar fuqarolar yig‘inlari raisi va ularning 7106 nafar maslahatchisi saylandi. Saylovchilarning xohish-irodasiga ko‘ra, 472 ta mahallada rais va uning maslahatchilari ochiq ovoz berish yo‘li bilan, 188 tasida esa yopiq ovoz berish tartibida aniqlab olindi. Saylangan raislarning 92 foizini oliy ma’lumotli mutaxassislar tashkil etayotgan bo‘lsa, 70 foizi ilk marta ushbu lavozimga  munosib topildi. Nomzodi oqsoqollikka ilgari surilib, qo‘llab-quvvatlangan 34 nafar mahalliy kengashlar deputati, 23 nafar xotin-qiz ham ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishga kirishganini alohida qayd etish o‘rinli.

– Saylovlarda yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, bilimli va intiluvchan nomzodlar saylovchilar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganiga guvoh bo‘ldik, - deydi Islomiddin Abrorov. – Bu esa saylovchilarimizning mahalla institutiga bo‘lgan ishonchi ortganidan, o‘z navbatida fuqarolar yig‘ini faoliyatiga befarq emasligidan darak beradi. Ochiq aytish kerak, ilgari ko‘pchilik fuqarolar yig‘ini raisi deganda nuroniy, keksa yoshli kishini tushunardi. O‘zini o‘zi boshqarish tizimiga bo‘lgan yangicha yondashuv tufayli bugun bunday qarashlar tamomila o‘zgardi. Binobarin, raislikka saylanganlarning 27 nafari 40 yoshgacha, 237 nafari 40-50 yoshli, 346 nafari 50-60 yoshli, 14 nafari esa 60 yoshdan yuqori bo‘lgan kishilar ekani ham shundan dalolat berayapti.

El ishonchi – yuksak mas’uliyat. Buni  har damda his etib, faoliyatini avvalo vijdon nazorati ostida tashkil etgan, odamlarga qayishgan va o‘z navbatida mahalladoshlarida ham ana shunga xayrixohlik shakllantira olgan rais o‘z obro‘siga obro‘ qo‘shadi, ishlari oldinga ketadi. Kim qanday yo‘l tutadi, buni esa yana ikki yarim yildan keyin o‘tajak fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari sayloviga qadar kuzatib boramiz.

Shohista BOZOROVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!