Меню
Қашқадарё
EGOTSENTRIZMNING ILK ALOMATI
Loqaydlik, bepisandlik, o‘zini, o‘z manfaatini hammadan ustun qo‘yish, xudbinlik, hamma va barcha narsalar mening huzur-halovatimga xizmat qilishi kerak deb o‘ylash, shuhratparastlik, kibr, mahmadonalik, tajanglik, birovni eshita bilmaslik, xatosini tan olmaslik, tanqidga chidamsizlik - egotsentrizm dardiga duchor bo‘lgan odamning belgilari. Xo‘sh, odam qanday qilib egotsentrist bo‘lib qoladi? Qayerdan yo‘liqadi unga buncha dard? Javobi bitta: ota-onasining ma’nisiz, ahmoqona orzu-havasidan.
Ba’zi ota-onalar borki, o‘z farzandlarini yeru jahonga ishonmay uni dunyoning markaziga aylantirib oladilar. Bola ongiga shuni (dunyoning markazi ekanligini) singdirishga zo‘r berishadi. Bola nima qilsin? O‘rganadi. Bunday ota-onalar "faqat mening bolamga yaxshi bo‘lishi kerak, hamma narsaning eng yaxshisi faqat mening bolamda bo‘lishi kerak", degan tamoyilga amal qiladilar va ... qattiq adashadilar.
Bola istagan, hatto istamagan, so‘ramagan narsasini ham qalashtirib tashlashadi. Bola mehnatni, birovga g‘amxo‘rlikni, boshqalar ham xuddi o‘zi kabi odam ekanini bilmay o‘sadi.
Bola bog‘chaga boradi. O‘zidek bolalar bilan, begonalar bilan birinchi uchrashuv. Tushlikka ovqatni hammadan oldin unga olib kelishlarini, ovqat hammanikidan sergo‘sht bo‘lishini, hamma yaxshi o‘yinchoqlar faqat uniki bo‘lishini istaydi. Tarbiyachilaridan ota-onasi ko‘rsatgan g‘amxo‘rlikni kutadi. Ko‘rmagach, talab qiladi. Xarxasha qiladi, yig‘laydi. Shu tariqa boshqalar bilan birinchi uchrashuv birinchi to‘qnashuvga aylanadi.
Maktabga boradi, murosa, burchni bilmaydi. Yaxshi o‘qish uchun jon kuydirmaydi. Ota-ona esa baribir bolasini qo‘llab-quvvatlaydi. Nima emish: "o‘qituvchisi yomon". Boshqa maktabga ko‘chiradi. "Katta bo‘lsa, hammasi joyiga tushib ketadi", deb o‘zini o‘zi aldaydi ota-ona. U katta bo‘ladi. Unga qo‘shilib talablari, ishyoqmasligi, mas’uliyatsizligi va boshqa illatlari ham voyaga yetadi, "kuchga to‘ladi".
Ota-onaning belidan kuchi, cho‘ntagidan qurbi ketadi. Endi esa ular befoyda, keraksiz odamga aylanib qoladilar. Xudbin endi jamiyat bilan, ko‘pchilik bo‘lib yashash tartib-qoidalari bilan to‘qnashadi. Birinchi to‘qnashuvdayoq yengiladi. Keyin esa jamiyatdan ajralib, "men yaxshi, hamma yomon", degan qulay yolg‘on qobig‘i ichida "uy" qurib, yashay boshlaydi. Shunday qilib, ota-onaning avval-boshdan qilgan mantiqsiz hoyu havasi jamiyatdan, hayotdan asossiz norozi egotsentristni paydo qiladi. Ma’naviy qarovsizlik, burchsizlik uni giyohvandlarga, jinoyatchilarga, kim mo‘may pul va’da qilsa, o‘shalarga topshiradi.
Egotsentrist-xudbinlardan dastavval ota-onasi sitam tortsa, keyin boshqalar ham jabr ko‘radi. Boshqalarga yaxshilik qilish, ezgu ishlar bilan shug‘ullanish degan tushunchalar bunday kishilarga butunlay begona. "Sen Vatanga nima berding?", desangiz, u "Vatan menga nima berdi?", deydi o‘qrayib. Chunki u tug‘ilgani, yashayotgani, borligi uchun hamma unga nimadir berishi kerak, deb o‘ylaydi. U boshqalarga foydalansa bo‘ladigan yo foydalansa bo‘lmaydigan narsa, deb qaraydi. Odam deb emas. Giyohvandlar ham, terroristlar tuzog‘iga tez ilinadiganlar ham, axloqsizlikning uchiga chiqqanlari ham, ichkilikbozlikka ruju qo‘yadiganlar ham, qulog‘iga zirak taqadigan yigitlar ham eng ko‘pi shundaylardan chiqadi.
Hammamiz ham ota-onamiz. Bo‘lmasak, bo‘lamiz. Shu bois avvalo oilamizni shunday xatardan asraylik. O‘zimizga, qalbimizga ko‘zgu tutib ko‘raylik: farzandimizni o‘lgudek tantiq, taltaygan qilib o‘stirmayapmizmi? Ularga tarbiya berishda adashmaylik. Toki, illat ichimizdan chiqmasin.
Orziqul SHUKUROV,
Shahrisabz axborot texnologiyalari kolleji o‘qituvchisi.