Меню
Қашқадарё
DURUSTMISIZ?
Aslida esa salomlashish nomoddiy madaniy merosimiz hisoblanadi. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish barchamizning burchimiz. To‘g‘ri, dunyo xalqlarining salomlashishdagi urf-odatlari, so‘z va ifodalari turlicha, lekin maqsad bir: bir-birlariga yaxshilik, salomatlik tilash.
Musulmonlarda salomlashish eng ulug‘ amallardan hisoblanadi va juda ham mukammal shaklda qo‘llaniladi. “Assalomu alaykum”, “Vaalaykum assalom” so‘zlari arabcha bo‘lib, “Sizga tinchlik-omonlik bo‘lsin”, “Sizga ham tinchlik-omonlik bo‘lsin” degan ma’nolarni bildirishi barchaga ayon. Qo‘l berib ko‘rishish orqali ajdodlarimiz bir-birining taftini his qilgan, fan tili bilan aytganda, energiya almashgan. Bunday so‘rashish bizda yurtimizga islom dini kirib kelgunga qadar ham bo‘lganligini bir necha dalillar isbotlaydi. Masalan, 3 ming yillik tarixga ega zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” (“Ogohnoma”, “Donishnoma”)da qo‘l berib so‘rashish, qo‘l berib ahdlashish haqida so‘z yuritiladi.
Zardo‘shtiylikning asoschisi Xorazm zaminida dunyoga kelgan. Asli turkiy millatiga mansub Zardo‘sht Xorazm vohasida chorvachilik bilan shug‘ullanib yuruvchi oriylar qabilasining Sipiytmon (Spitoma) urug‘idan chiqqan. Eng muhimi, bu din ham yakka xudolikka asoslangan, uning ham asosiy g‘oyasi ezgulik. “Avestoda “Ezgu fikrat, ezgu kalom, ezgu amal” so‘zlari takror va takror keltirilishi buni isbotlaydi. Shu bois ham islom dini ahkomlari ajdodlarimiz ongiga tez singgan.
Xo‘sh, islom dini kirib kelgunga qadar “assalomu alaykum” jumlasi o‘rnida qanday so‘z ishlatilgan? Tarix fanlari doktori, professor, avestoshunos va so‘g‘diyshunos olim Mirsodiq Ishoqovning “Unutilgan podsholikdan xatlar” (Toshkent. “Fan” nashriyoti. 1992 yil) kitobida keltirilgan bir xatdan ma’lum bo‘ladiki, o‘sha paytlarda so‘g‘d tilida “Druta(h)” deb salomlashilgan. Bu so‘z bir necha asrlardan beri o‘zgarib, bizgacha “Durustmisiz” shaklida yetib kelgan. O‘sha maktubda “Druta(h)”, ya’ni salomdan so‘ng “Ko‘p ta’zimlar bo‘lsin”, deb xat boshlangan.
Assalomu alaykum jumlasi chap qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib, o‘ng qo‘lni uzatib so‘rashish bilan qo‘shilib, hamma uchun oddiy va chiroyli, shu bilan birgalikda yoqimli udumga aylangan. Yoshlarning yoshi ulug‘larga, ulovda ketayotganning piyodalarga, xotin-qizlarning erkaklarga, xonaga kirganning uyda o‘tirganlarga, ozchilikning ko‘pchilikka salom berishi kabi tartiblar qo‘shilib, salomlashish sayqallangan qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.
Shunday ekan, ba’zi yoshlar bilib-bilmay “shoxlashib” ko‘rishayotganiga, qadriyatlarimizga putur yetkazayotganiga boshqalar jim turaverishi kerakmi? Siz nima deysiz, aziz o‘quvchi?
Ushbu maqola tarixchi, tilshunos, manbashunos olimlarimizda qiziqish uyg‘otsa, zukko mutaxassislarimiz o‘zlarining yanada salmoqli fikrlarini bildirishsa, o‘quvchilarimiz orasida bahs va munozaralarga sabab bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lur edi. Axir qadimiy madaniyatimiz, ma’naviyatimizga uzoq o‘tmishimizga qayta-qayta murojaat qilsak, undan foydali saboqlar chiqarsak, qanday olijanob ish bo‘lur edi.
Safar KATTABOYEV, huquqshunos, yozuvchi.