Меню
Қашқадарё
DAVR SHIDDATIGA MOS ARMIYA -
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizning har bir o‘g‘loni Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilishni nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki katta maqsad, yuksak ma’nodagi shon-sharaf ishi, deb biladi. Har bir ota-ona o‘g‘li harbiy bo‘lishini, Vatan himoyasiga bel bog‘lashini istaydi va bu bilan faxrlanadi.
- Harbiy bo‘lishimga akam sababchi bo‘lgan, u mendagi orzu aniq maqsadga aylanishiga turtki bergan, - deydi serjant Akrom Mirzayev. - Avvaliga yigitlik burchimni o‘tadim, keyinchalik harbiy xizmatni davom ettirish istagi tug‘ildi. 2003-yilda shartnoma asosida harbiy xizmatga olindim. Hozirda harbiy qismlardan birida, havo hujumida mudofaa qo‘shinlari safida xizmat qilmoqdaman. Do‘stlarim, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashganimda ularning menga havas bilan qarashini his qilaman. Shunda o‘z kasbimdan, Vatan posboni ekanimdan faxrlanib ketaman. Xizmat davomida erishgan yutuqlarim bir necha marotaba harbiy qism, yuqori qo‘mondonliklar tomonidan munosib e’tirof etildi. Mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida esa "Shuhrat" medali bilan taqdirlandim. Bu mukofot, albatta, zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshirdi. O‘zimga bildirilgan ishonchni oqlashga doim intilaman.
Aytib o‘tish joiz, yurtimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, uy-joylar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada oilasi, uy-joyidan ko‘ngli to‘q harbiy bor e’tiborini xizmatini a’lo darajada o‘tashga qaratgan.
- Hayotimdan mamnunman, - deydi Akrom Mirzayevning turmush o‘rtog‘i Mukarram Mengniyozova. - Harbiy oilalar doimo hukumatimiz e’tiborida, buni har qadamda his etib turaman. Uy-joy bilan ta’minlanishimizdan tortib, farzandlarimizning o‘qishi, to‘garaklarga qatnashiga qadar amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Vatan ozodligi, yurt tinchligini hech nima bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Bu ish esa qadim-qadimdan mard va jasur o‘g‘lonlar zimmasidagi vazifa bo‘lib kelgan. Ana shunday mard harbiylar bor ekan, yurtimizda tinchlik abadiy hukm suradi, osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon bo‘ladi. Odamlarimizning yuz-ko‘zlarida esa bugungi kuniga shukronalik, ertasidan xotirjamlik balqib turaveradi.
Jahongir BOYMURODOV
* * *
Suratda "Shuhrat" medali sohibi, serjant Akrom Mirzayev oila a’zolari bilan.
Sobir NARZIYEV olgan surat.