Меню
Қашқадарё
DARVESH AMIR
Buxoro taxtida hukm surgan hukmdorlar o‘zlariga xos fe’l-atvorga ega shaxslar edilar. Ular orasida el olqishi va mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan bir zot borki, uni oddiy xalq “Amiri ma’sum”, “Jannatmakon” kabi unvonlar bilan e’zozlagan. Bu - Amir Shohmurod edi.
Uning otasi Doniyolbiy Muhammad Rahimxon vafotidan keyin taxtni egallaydi va mamlakatni 27 yil boshqaradi. Amirning o‘n ikkita o‘g‘li bo‘lib, ularning to‘ng‘ichi 1742-yilda Nasaf shahrida tug‘ilgan Shohmurod edi. Otasi taxtga o‘tirgan vaqtda Shohmurod 17 yoshda bo‘lgan. Ilm olishga ishtiyoqi balandligi bois u Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oladi, tasavvufga jiddiy qiziqadi va so‘fiyona hayot kechiradi.
O‘sha davr muarrixlari Shohmurodni “so‘fiytal’at”, “darveshsurat” deya ta’riflashgan va uning yuksak martabali oiladan chiqqan bo‘lsa-da, hammollik qilib kun kechirgani haqidagi ma’lumotlarni keltirishgan. Otasi Doniyolbiy bir necha bor uni bu yo‘ldan qaytarishga urinadi. Unga davlat xazinasidan maosh tayinlaydi. Lekin o‘g‘il bu imtiyozlardan voz kechadi. Tanish-bilishlari uni devonaga ham chiqarishdi. Shohmurodning fe’l-atvorida hukmdorlik va so‘fiylik sifatlari mavjud bo‘lib, mujaddidiya-naqshbandiya sulukini ixtiyor etgan edi. U kunlarning birida o‘z davrining yetuk so‘fiylaridan biri oxund Muhammad Safar huzuriga borib, undan o‘zini shogirdlikka olishni so‘raydi. Ustozi amirzodadan: “Sen zolim va zolimzodadirsan. Shayx xizmati va bu yo‘ldagi riyozatga qanday toqat qilursan?” deb so‘raydi. Shohmurod o‘z ahdida qat’iyligiga ustozini ishontiradi va og‘ir kasb bo‘lgan hammollik bilan kun kechira boshlaydi...
Oradan yillar o‘tib amir Doniyolbiy keksayadi va saltanatni boshqarish unga qiyinlik qila boshlaydi. Asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan Davlat qushbegi va qozikalon Sayyid Nizomiddin hukmdorning irodasi zaiflashib qolganidan foydalanib, ulusga solinadigan turli soliq va majburiyatlarni oshiradilar. Albatta, bularning bari xalqning qahr-g‘azabini keltiradi. Ana shunday qaltis paytda Shohmurod amir saroyiga yashirin yo‘l orqali kirib, otasi bilan uchrashadi. Boshqaruv jilovining Davlat qushbegi ixtiyoriga deyarli o‘tib bo‘lganini tushuntirib, isbotlab beradi va chora ko‘rishni so‘raydi. Ota ahvolni o‘zi ham fahmlab, bilib-ko‘rib turganini, lekin biror chora ko‘rishga ojizligini bildiradi. Shohmurod bu muammoni o‘zi bartaraf qilishga kirishadi: Qo‘qondan elchilar kelganini bahona qilib, qushbegini saroyga taklif etadi va uni qatlni ijro etishga shay turgan jallod qo‘liga topshiradi. Ko‘p o‘tmay qozikalon Sayyid Nizomiddin ham shunday o‘lim topadi.
Muarrixlarning turli manbalarda yozishicha, Shohmurodning qozikalon bilan ziddiyatga borishiga yana bir sabab bor edi. Qozikalon Shohmurodni yoqtirmasdi. Kunlarning birida Amir Doniyolbiy o‘g‘lining hammollik qilib yurganidan shikoyat qilib, qozikalondan jo‘yali maslahat so‘raydi. Qozi esa: “Yana qancha aqlli, farosatli o‘g‘illaringiz bor. Buning aqli noqis. Bu yurish-turishi davlatingiz sha’niga yarashmaydi”, deydi va uni saltanatga yaqinlashtirmaslikni maslahat beradi. Ammo Doniyolbiy Shohmurodni yaxshi ko‘rar va unga ishonardi. Qozikalonning bu gaplari esa tezda Shohmurodning qulog‘iga yetib boradi va yosh yigit qalbida jarohat qoldiradi.
Har ikki zolim amaldorning qatl etilishi xalq orasida Shohmurodning obro‘yini yanada oshiradi. Ko‘p o‘tmay otasi uni Samarqandga hokim etib tayinlaydi. Bu paytda shahar xarob holga kelgan, aholi qashshoqlashgan, yashash sharoiti qiyinlashgandi. Yangi hokimning odil va fidoyiligi tufayli tez orada Samarqand yana farovonlashadi. Shahar gavjumlashib, bozorlarda to‘kinchilik boshlanadi. Madaniy hayot o‘z iziga tushib, ilm-fan rivoj topadi. Taqchillik tufayli yopilib, xaroba ahvolga tushgan Xoja Ahror Valiy va Shayboniyxon madrasalari qayta ta’mirlanib, ilm-ma’rifat o‘chog‘iga aylantiriladi. Amir Shohmurod Samarqanddagi madrasa-masjidlarga mudarris va imomlarni shaxsan o‘zi suhbatdan o‘tkazib tayinlagan.
Amir Doniyolbiy vasiyati va ayonlar istagi bilan Shohmurod 1785-yilda Buxoro hukmdori bo‘ldi. Bu yillarda Buxoro xonligi og‘ir davrni boshdan kechirayotgan edi. Amir Shohmurod boshqaruvi tufayli mamlakatda keng ko‘lamdagi islohotlar o‘tkazilib, shar’iy qonunlar mustahkamlanadi, qattiq tartib-intizom qaror topadi. Buxoroning faxri bo‘lgan va keyingi yillarda xarob holga kelgan madrasalar, masjidu karvonsaroylar, bozorlar ta’mirlanadi. Bu davrda o‘nlab madrasalar quriladi. Ulardan bizning davrimizga qadar saqlanib qolganlari XVIII asr me’moriy san’ati yodgorliklari sifatida qadrlidir.
Yangi hukmdor “Xatti tarxoniy”ni e’lon qiladi. Bu farmonga ko‘ra aholi tinkani quritadigan turli soliqlardan ozod qilinadi. Amir Shohmurod garchi oliy hukmdor bo‘lsa-da, turmush tarzi avvalgidek qolaveradi. U o‘zi tanlagan tariqat yo‘lidan borib, faqirona yashaydi. O‘sha davr muarrixlari Amir Shohmurodning bir yilda bitta ko‘ylak, bitta olacha chopon va ishton, oyog‘iga echki terisidan tikilgan saxtiyon mahsi va kalish kiygani, boshiga bo‘z salla o‘ragani, egnidagi po‘stinining narxi ikki tangadan oshmaganini qayd etishgan. Amirning jami liboslari qiymati o‘n tanga atrofida bo‘lgani, lekin bir madrasa talabalarining bir oyligi o‘sha davrda 15 tangani tashkil etgan. Ixtiyorida butun saltanat bo‘lgan hukmdor ana shunday dabdabasiz hayot kechirgan. Uning kunlik ovqati arpa non, atala va yovg‘on sho‘rva bo‘lgan. Shohmurod pichoq qini yasab tirikchilik qilgan.
Kunlarning birida amir saroyiga yaqin bo‘lgan va katta mol-dunyo egasi hisoblangan amaldorlardan biri to‘y qilib, uni ziyofatga chaqiradi. Shohona bezatilgan dasturxon atrofida “oling, oling” boshlanadi. Hamma Shohmurodning birinchi bo‘lib qo‘l uzatishini kutardi. Shunda amir bir kosa suv so‘raydi va choponi orasidan qotgan non olib, mushti bilan ohista sindiradi-da, suvga botirib tanovul qila boshlaydi. Dasturxon atrofidagilar hayratda qoladi va uning yaqinida o‘tirgan mulozimidan pichirlab so‘rashadi: “U kishi nima qilayapti?” Javob shunday bo‘ladi: “Amirimiz nafsi bilan jang qilmoqda”.
Amir Shohmurod davlatini yuksaltirish maqsadida qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini yaxshilashga erishgan. Xususan, Rusiya bilan savdo-sotiq ishlarini olib borishga harakat qilgan. Amir Shohmurodning shaxsi va faoliyati haqida 1795 yilda Buxoroga kelgan Rusiya fuqarosi T. Burnashev shunday yozadi: “Uning saroyida zarracha dabdaba yo‘q edi... Xalq unga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lardi. Uni Muhammad shariatiga haqiqiy amal qiluvchi va hatto avliyo darajasida bilishardi...”
Amir Shohmurod hayoti davomida “Fatoviyi ahli Buxoro” nomli kitob bitishga kirishgan, biroq tugatishga ulgurmagan. Kitobni uning to‘ng‘ich o‘g‘li Amir Haydar oxiriga yetkazgan. Yana bir o‘g‘li Mir Husayniy tarixnavis bo‘lib, “Maxazin at-taqvo” nomli asar yozgani ma’lum.
Amir Shohmurod 1800-yilda 62 yoshida vafot etgan va vasiyatiga binoan ustozlari Hoji Muhammad Habibulloh va Muhammad Safar Xorazmiylar qabri poyiga dafn etilgan. U davlatni bor-yo‘g‘i o‘n besh yil boshqardi. Lekin shu qisqa fursat ichida uni tanazzul botqog‘idan olib chiqdi. Siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazdi. Haqparastligi va adolatpeshaligi bois mang‘it sulolasiga mansub hukmdorlar orasida eng ko‘p hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ldi.
O‘rolboy QOBIL,
Qamashi tumani