Меню
Қашқадарё
DALILLAR TILGA KIRGANDA
Manbalarda Abul Mo‘iyn ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy 1027-yili Nasaf viloyatining Ibsan (hozirgi Qovchin) qishlog‘ida tug‘ilib, Buxoro va Samarqandda yashab ijod etgani aytiladi.
Ma’lumki, Nasaf tarixi va bu yerdan yetishib chiqqan allomalar merosini o‘rganishda Abdulkarim as-Sam’oniyning (1113-1167) "Al-Ansob" asari alohida o‘rin tutadi. Olimning qayd etishicha, X-XII asrlarda Nasaf musulmon olamidagi yirik shaharlardan bo‘lgan. O‘sha zamonda Madina (yirik shahar) nomi bilan ataladigan 8 shahar mavjud edi. Bular - Madinai munavvara, Bag‘dod, Isfahon, Nishopur, Marv, Buxoro, Samarqand va Nasaf. "Al-Ansob" kitobida Nasaf atrofidagi 50 dan ortiq qishloq va bu yerlardan yetishib chiqqan 180 ga yaqin allomaning nomi qayd etilgani ham o‘sha paytdagi taraqqiyotdan nishonadir.
Qashqadaryo vohasida yashagan allomalar haqidagi yana bir nodir asar - Najmiddin Nasafiyning "Samarqandiya" kitobidir. Unda ham o‘nlab Nasafiy, Kosoniy, Kasbaviy, Bazdaviy va Keshiylarning nomlari zikr etilgan. Bu asarlar Qashqadaryo adabiy va ilmiy muhiti tarixini o‘rganuvchilar uchun boy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy 15 ga yaqin asar yozgan bo‘lib, ularning aksariyati kalom ilmining turli masalalariga bag‘ishlangan. "Al-Umda fi usul al-fiqh" ("Fiqh usulidagi ustun"), "Bahr al-kalom fi ilm al-kalom" ("Kalom ilmi dengizi"), "Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom" ("Kalom ilmida dalillar tilga kirganda"), "At-tamhid li-qavoid at-tavhid fi ilmi kalom" ("Kalom ilmidagi tavhid qoidalari uchun yagona kitob"), "Al-olim val-mutaallim" ("Ustoz va shogird"), "Manohij al-aimma fil furu’" ("Furu’ ilmida olimlar yo‘li"), "Mu’taqidot" ("E’tiqodlar") kabi asarlari shular jumlasidan.
"Bahr al-kalom" asari moturidiya maktabining asosiy manbalaridan sanaladi. Shu sababli u o‘rta asrlarda ko‘plab qo‘lyozmalarda tarqalgan. Bugungi kunda uning qo‘lyozma nusxalari Dubay, Damashq, Bag‘dod, Qohira va Iskandariya shaharlari kutubxonalarida saqlanmoqda. Asar 1886-yili Bag‘dodda, 1908-yili Qohirada chop etilgan. Ayni paytda, asrlar davomida unga bir qancha sharhlar bitilgan. Allomaning mashhur asarlaridaan biri - "Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom" Imom Moturidiy va Samarqand kalom ilmi maktabi haqida ma’lumot beradi. Kitobda Moturidiyning ilmdagi xizmatlariga yuksak baho berilgan va yozgan asarlari sharhlangan.
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Abul Mo‘iyn an-Nasafiyning "Tabsira", "Tamhid" va "Bahr al-kalom"dan boshqa asarlari bizgacha yetib kelmagan, deb hisoblanadi. Mazkur asarlardan "Tamhid" xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, unda din asoslari haqida fikr yuritiladi. Asarning to‘rtta nusxasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida mavjud. 177/IV raqamli 47 varaqdan iborat birinchi qo‘lyozma nasx xatida 672/1274-yil noma’lum xattot tomonidan ko‘chirilgan. Kitob yaxshi saqlangan. Tayakisi charmdan. Varaqlari sariq sharq qog‘ozidan bo‘lib, har bir beti poygirlangan. Fasllar qizil siyoh bilan ajratilgan.
Asarning ushbu qismida qabr azobi, hidoyat va zalolat, qazo va qadar, af’olu-l-ibod (bandalarning amallari), rizq, mutavalladot (inson bolalari) va istitoat kabi kalomiy masalalar yoritilgan.
8221/I raqami ostidagi 41 varaqdan iborat ikkinchi qo‘lyozmani 1181/1768-yil Yodgor Mirzo Qurbon Buxoroda nasx xatida ko‘chirgan. Nusxa poygirlangan. Qalin sharq qog‘ozida yozilgan. Har betda 19 qatordan bitilgan. Muallif nazdidagi ayrim muhim so‘z va jumlalar qizil siyoh bilan ajratilgan. Mazkur qismda shia ahlidan bo‘lgan bir jamoaning xamr (mast qiluvchi ichimliklar) va livota (besoqolbozlik)ni halol sanagani keskin qoralangan.
3185/V raqamli keyingi qo‘lyozma jami 18 varaqdan iborat. U 739/1339-yil nasta’liq xatida sariq sharq qog‘oziga ko‘chirilgan. Xattoti noma’lum. Muqova va tayakisi charmdan. Har betda 15 qatordan yozuv bitilgan. Birinchi beti boshqa, chamasi keyin ko‘chirilib qo‘shilgan. Mazkur qism asosan, imon, shafoat, imomat va azobu-l-qabr fasllarini qamragan.
To‘rtinchi - 2521 raqamli qo‘lyozma 47 varaqdan iborat. Ko‘chirilgan sanasi va xattoti noma’lum. Yupqa sharq qog‘ozida yozilgan. Har betda 15 qator bor. Birinchi betning muqovasi ajralgan. Poygirlangan. Muqova va tayakisi charmdan. Bu qo‘lyozma nusxada ham ba’zi jumlalar qizil siyoh bilan ajratilgan.
"Tamhid" hajm jihatidan "Tabsira"dan kichik, shuning bilan birga, fasllarini aynan takrorlagani bois, mazkur asar "Tabsira"ning "cho‘ntakbop shakli" nomini olgan.
Abul Mo‘iyn an-Nasafiy asarlari aqidaviy masalalarning chuqur ilmiy tahlili va hanafiya mazhabidagi moturidiya ta’limotiga xos yechimi bilan yurtimizdagi barqaror tinchlik, shu bilan birga chetdan kirib kelayotgan turli yot g‘oyalarga raddiyalar berishda alohida o‘rin egallaydi.
Bilamizki, har qanday olim merosining chinakam qiymati uning shogirdlari misolida ham namoyon bo‘ladi. Manbalarda Abul Mo‘iyn an-Nasafiy shogirdlari haqida ham ma’lumotlar ko‘p. Xususan, ulardan biri - Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy Samarqandiy Faqihul Hanafiy kalom ilmining usulchisi, mufassir, muhaddis, faqih, hofiz, nahuchi, olim va omilar sharaf bilan qabul qilgan buyuk olim bo‘lib, yuzdan ortiq tasnifotlar sohibi sanaladi.
Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Abu Bakr Alouddin Samarqandiy esa hanafiy olimlar orasida "Tuhfatul fuqaho" kitobi bilan mashhur bo‘lgan. Qadri ulug‘, fazilatda tengsiz olim bo‘lgan. Abu Yasr Bazdaviy va Imom Nasafiydan ta’lim olgan. Hijriy 575, milodiy 1180-yilda vafot etgan.
Abu Bakr ibn Mas’ud ibn Ahmad Alouddin Shoshiy Hanafiy "Olimlar podshohi" va "Koshoniy" degan nomlar bilan shuhrat topgan.
Ismoil ibn Adiy ibn Fazl ibn Ubaydullo Abul Muzaffar Toliqoniy Faqihul Hanafiy islom huquqshunosi, muftiy bo‘lgan. Hijriy 540-yilda vafot etgan.
Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Abdullo ibn Mujohid ibn Abulyasr asli buxorolik bo‘lib, "peshqadam qozi" nomini olgan.
Ali ibn Hasan ibn Muhammad ibn Abu Ja’far Abul Hasan Balxiy Ja’fariy esa zohid, ibodatmand bo‘lib, "Balx burhoni" nomini olgan. Islom diyorlarida hanafiy mazhabini tarqatgani bilan mashhur. Umri davomida ko‘p yurtlarni kezib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Ayniqsa, Halab shahrida paydo bo‘lgan bid’atu xurofotlarni bartaraf etishda hissasi baland bo‘lgan. Odamlarni sunniy e’tiqodda jamlab birlashtirgan.
Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad Abul Fath Xulamiy hijriy 470-yilda tug‘ilgan. Buxoro shahrida yashab, ko‘p ilmlar sohibi bo‘lgan.
Umuman olganda, alloma ilmiy merosi nafaqat o‘z davri, balki bugungi kun uchun ham nihoyatda muhim, dolzarb. Shunga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan joriy yilning noyabr oyi barcha masjid va madrasalarda "Abul Mo‘iyn an-Nasafiy oyligi" deb nomlangani munosabati bilan alloma hayoti va ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha qator xayrli ishlar amalga oshirilayotgani ham e’tiborga molikdir.
O‘tkir G‘UZOROV, Kitob tumanidagi Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri