Меню
Қашқадарё
CHEK BERMASLIK DAROMADNI YASHIRISH BILAN BAROBAR
Ammo shunday “tadbirkor”lar ham borki, taqdim etilgan imkoniyatga munosib javob qaytarish o‘rniga, o‘z manfaatini ko‘zlab belgilangan qonun-qoidalarni buzishmoqda. Daromadni soliqdan yashirish, xaridorga chek bermaslik, savdodan tushgan pullarni kirim qilmaslik kabi holatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Davlat soliq organlari tomonidan viloyatimiz miqyosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida shu kabi qator qonunbuzilishlar aniqlandi va aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘rildi.
Pulni kassaga emas, kissaga joylagan
Ma’lumki, ko‘rsatilgan xizmat yoki sotilgan mahsulot uchun xaridorga to‘lov chekni berish faoliyatning qonuniyligini ta’minlaydi. Chunki chek xizmat yoki mahsulotning sifatiga kafolat bo‘ladi, sotuvchi va mijoz o‘rtasidagi o‘ziga xos shartnoma vazifasini o‘taydi. Ammo chek berish majburiyat ekanini bila turib, atayin bunga amal qilmaydigan olg‘irlar ham topiladi.
Qamashi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Suyunov Ulug‘bek Mustafayevichga qarashli uyali aloqa xizmati uchun to‘lov qabul qilish shoxobchasida davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida shunday holat aniqlandi. Tadbirkorning xaridor to‘lagan 1000 so‘m naqd pulni nazorat-kassa mashinasiga kirim qilmayotgani hamda buning uchun chek bermayotgani ma’lum bo‘ldi. Buning ustiga “paynetchi” xazinadagi 150 ming so‘m miqdoridagi naqd pul tushumini ham kassaga kirim qilmaganidan bilish mumkinki, u buncha pulni kissaga joylashni o‘ylagan. Shoxobchaning ikkilamchi buxgalteriya daftari ko‘zdan kechirilganda, nazorat tadbiri o‘tkazilayotgan vaqtga qadar 50 AQSH dollari miqdorida savdo faoliyati amalga oshirilgan.
Albatta, qonunni buzishga har qanday urinish borki, unga jazo muqarrar. Shunday ekan, o‘zini tadbirkor sanab, noqonuniy yo‘l bilan foyda ko‘rishdan qaytmaydigan shaxs javobgarlikka tortiladi.
Murojaat ortidan aniqlangan qoidabuzarlik
Nishon tumani davlat soliq inspeksiyasiga Nuriston shaharchasida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgandi. Unda aytilishicha, shu tumanda faoliyat olib borayotgan YaTT Razzoqov Otabek Yakubovichga tegishli qurilish mollari savdo do‘konida sotuvchi plastik kartochka asosida savdo qilish chog‘ida fuqarodan ustama talab qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan ushbu tadbirkorlik subyektida soliq xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. Natijada sotib olingan mahsulot uchun chek bermaslik holati aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha bu tadbirkorga nisbatan Soliq kodeksining 119-moddasi 1-qismiga asosan jarima, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 164-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llandi.
Hujjatsiz mahsulotning sifatli ekaniga kafolat yo‘q
Tadbirkorlar orasida berilgan imkoniyatlarga qanoat hosil qilmay, ko‘proq foyda olishga urinayotgan, buning uchun belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tishdan cho‘chimaydigan uddaburonlarning borligi juda achinarli.
Qarshi shahri G‘uzor ko‘chasida joylashgan YaTT Ahmedova Sitora Anvarovnaga tegishli savdo do‘konida o‘tkazilgan nazorat tadbirida ham shu hol ko‘zga tashlandi. Tadbirkor kunlik xizmat ko‘rsatishdan tushgan naqd pullarni nazorat-kassa mashinasiga kirim qilishni negadir unutgan, ehtimol bu uning uchun doimiy odatga aylangan. Shuningdek, savdo do‘konida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 576 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari qonunga zid ravishda sotilayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Ushbu mahsulotlar vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Tibbiy xizmatdan tushgan
pul qayerga ketayapti?
Kasbi tumanida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘ini Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga olib kelgandi. Bemorga tibbiy karta ochish zarurati tug‘ildi. Fuqaro ko‘rsatilgan xizmat uchun naqd to‘rt ming so‘m to‘ladi, biroq filial xodimi chek bermagani yetmaganidek, ushbu pulni nazorat-kassa mashinasiga kirim qilmadi ham. Bundan ajablangan fuqaro viloyat davlat soliq boshqarmasi ishonch telefoniga murojaat qildi.
Ushbu holat yuzasidan Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan mazkur tibbiyot muassasasida nazorat tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganish davomida haqiqatan ham filial xodimi ko‘rsatilgan xizmat uchun chek bermagani aniqlandi va ushbu holat yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
To‘lov miqdori qancha bo‘lishidan qat’i nazar buning uchun berilmagan xarid cheki qonunga asosan, moliyaviy va ma’muriy jarima qo‘llashga sabab bo‘lishini doimo esda tutish lozim. Chunki shu orqali naqd pulning bank orqali aylanishi ta’minlanadi. Bu esa nafaqa, pensiya, stipendiya va ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishiga imkon yaratadi.
Anonim murojaat
ovoragarchilikka sabab bo‘ldi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish fuqarolarning haq-huquqlarini qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Bu o‘z navbatida jamiyatda inson manfaatlarini ta’minlashga asos bo‘lmoqda.
Ba’zan ayrim kishilar shaxsini oshkor etmagan holda ishonch telefonlarimizga murojaat qilishadi. Ana shunday murojaatlar yuzasidan o‘tkazilgan aksariyat o‘rganishlar natijasida shikoyat asosga ega emasligi, bu g‘arazli niyatda uyushtirilgani oydinlashadi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasiga murojaat qilgan shaxsini oshkor etmagan fuqaro Qarshi shahridagi umumiy ovqatlanish maskanlaridan birida savdo qoidalari buzilayotgani haqida shikoyat qildi.
Mavjud qonunchilikka ko‘ra, anonim, shaxsi, yashash joyi ko‘rsatilmagan murojaatlar o‘rganilmaydi. Shunga qaramasdan, mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida soliq boshqarmasi xodimlari murojaat etgan fuqaroni topib, suhbatlashishdi. Ammo u “Ishonch telefoni”ga murojaat bilan chiqmagani va tegishli umumiy ovqatlanish maskaniga nisbatan e’tirozi yo‘qligini bildirdi.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Ґar bir murojaat yuzasidan albatta tegishli tadbirlar qo‘llash bo‘yicha xodimlar biriktiriladi. Ular holatni o‘rganadi, tegishli xulosaga kelishadi, aniqlangan qoidabuzarlik bo‘yicha jazo choralarini ko‘rishadi. Agar murojaat anonim, bu ham yetmaganidek, asossiz bo‘lsa, qancha kishining behuda ovora bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, fuqarolar asosli murojaat qilishsa, mavjud muammo, albatta, o‘z yechimini topadi.
Firdavsiy Jabborov, viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati bosh mutaxassisi