Меню

Қашқадарё

02.03.2017 2272

CHEGARA ZONASIDA

Bilib olish joizki, chegara zonasi va chegara mintaqasiga kirish, chiqish, harakatlanish, faoliyat olib borish va yashash tartiblari 1999-yil 20-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq tartibga solinadi. Mazkur qonun chegara oldi rejimi, chegara oldi zonasiga kirish, undan o‘tish, bu yerda bo‘lish (yashash), harakatlanish hamda ishlar bajarish tartibini belgilovchi qoidalar majmuini o‘z ichiga oladi va ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Chegara oldi zonasi chegara oldi rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi MXX Chegara qo‘shinlari va ichki ishlar organlari zimmasiga yuklanadi.

Chegara oldi zonasi – davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi. Chegara oldi zonasi tarkibiga bunday mintaqa belgilangan joydagi O‘zbekiston Respublikasining ichki suvlari, chegara bo‘yi daryolari, ko‘llari va boshqa suv havzalari suv qismi hamda shu suvlarda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi orollari ham kiritiladi.

Chegara oldi mintaqasida Chegara qo‘shinlari tomonidan kirish va chiqish (o‘tish), bo‘lish (yashash), shaxslar va transport vositalari harakatlanishiga oid qo‘shimcha rejim qoidalari belgilanadi.

Shaxslarning chegara oldi zonasiga kirishi, undan chiqishi (o‘tishi), u yerda bo‘lishi (yashashi), agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Belgilangan tartibga muvofiq, chegara zonasida yashovchi  O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari pasportiga joylardagi ichki ishlar organlari tomonidan tegishli maxsus muhr qo‘yiladi.

Maxsus muhr qo‘yilgan pasport egasi o‘sha tuman va viloyatda harakatlanishi mumkin. Vaqtinchalik kelayotgan fuqarolarning esa ularning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjatga, shuningdek, shaxsiy guvohnomasi (xizmat guvohnomasi, harbiy guvohnoma, tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma)ga asoslanib, o‘sha joydagi IIB organlari tomonidan yagona qayd qilingan ruxsatnoma orqali chegara zonasiga kirishi amalga oshiriladi.

Chegara zonasiga vaqtinchalik kelgan yoki yashashga kelgan fuqaroning qayd qilingan ruxsatnomasini tekshirish MXX Chegara qo‘shinlari bo‘linmasi, IIV va MXX organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Chegara zonasiga tashrif buyurgan barcha shaxslar, o‘sha chegara zonasidagi manzillarga kelgach, sutka davomida (dam olish va bayram kunlarini hisobga olmagan holda) ichki ishlar organlariga borib tegishli ruxsatnoma olishi va shaxsini aniqlovchi hujjatlarini qayd qilishga majbur.

Chegara zonasiga vaqtinchalik kelgan fuqarolar faqat ruxsatnomasida ko‘rsatilgan hududda va tumanda yashashi mumkin.

Chegara zonasidagi tumanning aholiga xizmat ko‘rsatish punktlari (maktab, shifoxona, tuman markazi, boshqa muassasa va tashkilotlar) o‘sha tumanning ma’muriy tarkibi hisoblanib, ammo chegara zonasi hisobiga kirmaydigan hudud fuqarolarning chegara zonasiga kirib-chiqish tartibi ularning o‘sha tumanning qayd hisobi bo‘lgan pasportlari yoki shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalari asosida amalga oshiriladi.

Davlat chegarasi zonasi qoidalarini buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortiladi.

Xususan, 224-moddaga muvofiq chegara zonasiga, shuningdek, fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish hamda ularda yashash qoidalarini buzish – eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Chegara zonasiga, shuningdek, fuqarolarning kirish va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirishga hamda ularda yashashga oid qoidalarni buzgan fuqarolarning bunday joylarda yashashiga yo‘l qo‘yish – fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

2242-moddaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasida barpo etilgan muhandislik-texnika inshootlarini va to‘siqlarni yo‘q qilib yuborish yoki ularga shikast yetkazish – huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa – huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda   jarima solishga sabab bo‘ladi.

B.O‘KTAM tayyorladi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!