Меню

Қашқадарё

12.11.2016 1801

BUYUK ALEKSANDRNING OTASI

 

FIVA TUTQUNI

Taxminan miloddan avvalgi 368-365-yillarda Filipp Fivada garovda ushlab turiladi. U shu yerda Qadimgi Yunonistonning harbiy strategiyasini o‘rganadi va ellin madaniyatining ulkan yutuqlari bilan tanishadi. Miloddan avvalgi 359-yilda illiriylar makedon qo‘shinini tor-mor etib, Makedoniyaning bir qismini egallab olishdi. Jangda Filippning akasi – podsho Perdikka III va yana 4 ming makedoniyalik halok bo‘ladi. Perdikkaning go‘dak o‘g‘li Aminta shoh deb e’lon qilinadi. Filipp esa unga vasiy etib tayinlanadi. Biroq u panada yurishni istamasdi va tez orada qo‘shinning ishonchini qozonadi. Natijada 23 yoshli vasiy yosh merosxo‘r jiyanini boshqaruvdan chetlashtirib, o‘zi Makedoniya shohi bo‘ladi.

Makedoniyaning yuksalishiga xizmat qilgan qator muvaffaqiyatli islohotlar ham aynan Filipp II davriga to‘g‘ri kelgandi. Yosh podsho strategik jihatdan muhim hududlarga qishloqlar aholisini ko‘chirib, yangi shaharlarga asos soladi. Keyinchalik bu shaharlar davlatning iqtisodiy va harbiy-strategik markazlariga aylanadi. Miloddan avvalgi 350-yil o‘rtalarida Filipp Pangey konlari joylashgan boy hududni qo‘lga kiritadi va bu yerda o‘z nomi bilan atalgan shahar barpo etadi. Konlardagi qazilmalar ortidan u yiliga ming talant (bu yerda: og‘irlik birligi)gacha oltin o‘zlashtira boshlaydi. Bu esa nafaqat o‘z oltin tangasini zarb etish, balki butun O‘rta Yer dengizi hududidagi savdo-sotiqni nazoratga olish imkonini beradi.

Eng muhim tub o‘zgarishlar qo‘shinda o‘tkaziladi. Yunonistonda harbiy sohani puxta o‘rgangan Filipp II safdan tashqari xizmat qiluvchi va harb ishiga haminqadar o‘qitilgan cherik va beqaror yollanma askarlar o‘rniga o‘z armiyasini hududiy belgisiga ko‘ra tanlangan ozod dehqonlar bilan to‘ldira boshlaydi. Bir vaqtning o‘zida u yaxlit yunon falangasini bir qancha mayda, bir-biriga yaqin turuvchi, ammo o‘zaro aralashib ketmaydigan uzun saflarga ajratardi. Makedon falangasi esa tarkibida taxminan bir yarim ming odam bo‘ladigan polklardan tuzilardi. Bu usul jangda piyoda askarlarning epchilligi va zarbini keskin oshiradi, natijada piyoda askarlar mahoratli qo‘shinga aylanadi.

Filipp armiyaga doimiy (qishin-yozin) mashq-mashg‘ulotlarni joriy etdi. Adib Polienning  guvohlik berishicha, u makedoniyalik askarlarni oziq-ovqatiyu qurol-aslaha va boshqa zarur buyumlarini ortmoqlagan holda 60 kilometrlab yurishga majburlagan. Qo‘shindagi tartib-intizomni qattiq tutgan. Uning ikki generali ko‘chma lagerga sayoq qo‘shiqchi ayolni olib kelishganida, shoh har ikkisini ham mamlakatdan haydab yuborgan. Filippning islohotlaridan keyin Makedoniya  armiyasi eng yaxshi qo‘shinlardan biriga aylanadi, Makedoniya esa Bolqon  yarimorolidagi kuchli  davlatlardan biri bo‘ldi.

DIPLOMAT VA SIYOSATCHI

Filipp II hamisha muhim siyosiy muammolarni o‘z oldiga qo‘yar va ularni hal eta olardi. Hukmronligining birinchi besh yilidayoq u turli manyovrlar qo‘llash va maqsadga erishish uchun har xil usullardan foydalana bilishdek favqulodda qobiliyatga egaligini ko‘rsata oldi. Shu tariqa u frakiyaliklarni o‘z tomoniga og‘diradi, illiriyaliklarni jangda yengadi, kichikroq moloss qabilasi bilan esa ular shohining qizi – Aleksandrning bo‘lajak onasi Olimpiadaga uylanish orqali ittifoq tuzadi.

Shimoliy chegaralarni mustahkamlab, Filipp  Gretsiyaning ichki nizolariga barham berishga tutinadi. Uning maqsadi Muqaddas urush olovi o‘t olgan O‘rta Gretsiyani egallash edi (miloddan avvalgi 355-346-yillar). Buni amalga oshirish uchun Delfadagi Apollon ibodatxonasiga tegishli bir parcha yerning fokidiyaliklar tomonidan egallab olingani qulay bahona bo‘ladi. Miloddan avvalgi 352-yilda Filipp fokidiyaliklarni yer bilan yakson qiladi va o‘zining Apollonga bo‘lgan muhabbatini namoyish etgan holda 3 ming asirni dengizga cho‘ktirishni, ular boshchisining tanasini esa xochga mixlashni buyuradi.

Miloddan avvalgi 346-yilda mashaqqatli Muqaddas urush tugaydi. Uning natijasi o‘laroq Makedoniya yanada kuchayadi. Filipp Delfa amfiktioniyasi (yunon polislari ittifoqi - Delfadagi Apollon ibodatxonasi himoyachilari) a’zosi bo‘ladi va shu bilan O‘rta Gretsiyaning ishlariga aralashishning qonuniy vakolatini qo‘lga kiritadi. Biroq Afinada buyuk notiq Demosfen boshchiligidagi makedonlarga qarshi guruh shakllangan edi. O‘z nutqlarida (ular “filippika” nomini olgandi) Demosfen makedon shohining bosqinchilik g‘oyalarini fosh etadi. Demosfenning jo‘shqin harakatlari o‘z mevasini beradi: miloddan avvalgi 340-yillarning so‘ngida Filippga qarshi Afina rahnamoligidagi kuchli koalitsiya bosh ko‘taradi. Bu koalitsiya ko‘p ming sonli (40 minggacha goplit) cherik va qudratli flotdan iborat edi. Filipp II qo‘shini hamda yunonlar o‘rtasidagi hal qiluvchi jang miloddan avvalgi 338-yilda Xeroneya shahri yaqinida bo‘lib o‘tdi. Bu urush o‘ta shiddatli kechdi. Biroq makedoniyaliklar orttirgan tajriba va malaka o‘z samarasini ko‘rsatdi: yakuniy g‘alaba Filippga nasib qildi. Qadimiy Elladaning dabdaba va salobati barham topdi.

Shu jarayonda Filipp yana bir bora diplomatik mahoratini namoyon qiladi: fivaliklar bilan o‘rtadagi nizoni keskin hal etgani holda u Afinadagilarga o‘zining beshafqat bosqinchi emas, balki ma’rifatli ittifoqchi ekanini isbotlagan holda birmuncha tinch murosa yo‘lini taklif qiladi.

Ustomonlik bilan olib borilgan siyosat Filippning ko‘plab yunon shaharlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minladi. Miloddan avvalgi 337-yilda Korinf shahrida u umumyunon kengashini chaqiradi va shu tadbir davomida   Ellin ittifoqi tuziladi. Shu bilan tarqoq va o‘zaro dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan hududlar o‘rnida, zo‘rlik bilan bo‘lsa-da, yaxlit Gretsiya davlati vujudga keldi. U endi hatto kuchli sanalgan forslar davlatiga ham qarshi tura olardi...

“U HAYOT QUVONCHLARINI QADRLARDI”

Tarixchi Polibiyning guvohlik berishicha, shohning tobuti – sarkofagiga aynan shu so‘zlar o‘yib yozilgan. Hukmronligining ilk davrlarida Filipp qo‘shin boshida turib, hamisha jangning eng qaynoq nuqtasiga otilardi: Metona jangida o‘q uning ko‘zini chiqaradi, janglardan birida o‘mrov suyagi sinadi, triballar bilan bo‘lgan urushda esa u sonidan qattiq yaralanadi – oyog‘ini teshib o‘tgan nayza zarbi mingan otini o‘ldiradi. Og‘ir jarohat tuzaladi, ammo u bir umrga oqsoq bo‘lib qoladi. Keyinchalik shoh qo‘shinni lashkarboshilariga tayangan holda boshqarib turadigan bo‘ladi, biroq har doim siyosiy nayrang ishlatishni ma’qul ko‘rardi.

Plutarx tomonidan tasvirlangan bir voqea mashhur. Unda keltirilishicha, Filipp istehkomi mustahkam bir shaharni qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladi. Ayg‘oqchilari unga bu shaharni hech bir tarafdan qo‘lga olish mumkin emasligini yetkazishadi. Bunga javoban shoh shunday so‘raydi: “Hatto oltin yuk ortilgan eshak ham o‘ta olmaydigan darajada mustahkammi?” Oxir-oqibat bu gap qanotli iboraga aylanib ketadi: “Oltin ortilgan eshak har qanday egallab bo‘lmaydigan qal’ani ham oladi”.

Filipp mo‘l-ko‘l sharobxo‘rlik bo‘ladigan quvnoq ziyofatlarni sevardi, ammo shunda ham aqli va hazilkashlik tuyg‘usini yo‘qotmasdi. Uning yana bir iborasi butun Makedoniya bo‘ylab tarqalgandi: “Men olib borgan eng mashaqqatli urush rafiqam Olimpiada bilan bo‘lgan jangdir”.

U do‘stlarini qadrlar va saxiylik bilan mukofotlardi. Masalan, o‘zi garovdalik chog‘ida uyida yashagan fivalik Filon undan hech qanday hadya olishni istamaganida shunday deydi: “Meni yengilmas degan sifatdan judo qilma – ezgulik va saxovatda mendan ustun bo‘lma!” Filipp Gipparx Yevbeyskiy vafot etganida o‘z qayg‘usini yashirmaydi. Unga: “U yetarlicha yashadi, shekilli”, deyishganida, “o‘zi uchun yetarlicha yashadi, - deb javob bergandi shoh, - lekin men uchun emas, chunki men hali uning do‘stligi uchun minnatdorlik bildirishga ulgurmagandim”.

U ma’rifatlilikni ham ulug‘lardi: Aleksandr falsafani o‘rganishi uchun uning tarbiyasiga Aristotelni taklif qiladi. Dushmanlariga muruvvatli edi, mag‘lublarga shafqatsiz emasdi, asirlarni osongina qo‘yib yuborar, qullarga ozodlik baxsh etardi. Garchi tabiatan mag‘rur bo‘lsa-da, muomalada sodda va kamsuqum edi.

Miloddan avvalgi 336-yilda Filipp II Osiyoga o‘n minglab askardan iborat qo‘shin yuboradi. O‘zi esa Makedoniyada qizi Kleopatraning to‘yi sabab ushlanib qoladi. Ziyofat so‘ngida u mehmonlar oldiga qo‘riqchisiz chiqadi. Uning mahramlaridan biri Pavsaniy kiyimi ostiga qilich yashirgan holda shohga yaqinlashadi va kutilmaganda uni biqinidan yaralaydi. Qotil qochishga urinadi, ammo uni tutib jazolashadi.

Filipp haqida zamondoshlarining biri boshqasini inkor qiladigan fikr-xulosalari ko‘p. Ammo agar uning o‘g‘li Aleksandr otasidan qolgan mamlakat va qo‘shinga ega bo‘lmaganida edi, ehtimol, sodiq goplitlari bilan Hind ummoniga qadar hududlarni zabt etish va buyuk jahongir deb nom qoldirishga muvaffaq bo‘la olmasdi...

Muallif: Yevgeniy YAROVOY.

Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.

 

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!