Меню

Қашқадарё

01.09.2016 1588

BUGUNIYU ERTASI BUYUK AVLOD

MENING UCHUN AZIZ BO‘STON

Adiba PARDAYEVA, Qarshi shahridagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi:

Bu dunyoda chamanlar ko‘p,

Bu dunyoda vatanlar ko‘p.

Barchasida yashar gullar,

Barchasida yashnar dillar.

Mening uchun aziz bo‘ston,

O‘zbekiston! O‘zbekiston!

- Endigina uch yoshga to‘lgan qizim bolalar bog‘chasidan o‘rganib kelgan she’rni bolalarga xos  shirin zabon va yoqimli  ohang bilan aytar ekan, tinglab turib, beixtiyor dilim yayraydi. Qizalog‘imni erkalab, shu she’rni qayta-qayta ayttiraman. U har gal she’rni yod o‘qiganida yuragimni shukronalik, elimga, yurtimga bo‘lgan mehr va g‘urur hislari egallab oladi. Xayolimda esa ham ko‘tarinki, ham g‘ururli o‘ylar, tilaklar charx uradi...

Yaratganga beadad shukurlar bo‘lsinki, chorak asrdan buyon tinch va beg‘ubor tonglarimiz osuda tunlarimizga ulanmoqda. Jondan aziz farzandlarimiz hech bir xavotirsiz bag‘rimizda orom olib, bekamu ko‘st o‘smoqda. Aslida insonning chin baxti shu: tinch, dorilomon yashayotganligi.

Bilasizmi, agar menga erkinlikning, mustaqillikning suratini chizib bering, desalar, shodon, quvnoq bolalarning, kuch-g‘ayratga to‘la yoshlarning baxtiyor qiyofasini gavdalantirgan bo‘lar  edim. Zero, shu hur fikrli yoshlar istiqlolning haqiqiy mevalaridir.

Men istiqlol yillarida ulg‘aydim, ta’lim oldim, o‘z sohamning mutaxassisi bo‘lib yetishdim. Va meni eng ko‘p sevintiradigan jihat shuki, mening farzandim ertaga mendan-da ko‘proq imkoniyat va sharoitlarga ega bo‘ladi, uning kelajagi shu Vatan kelajagi, shu yurt  ertasi qadar porloq, nurafshondir… 

Qizalog‘im esa hamon she’rini burro tilda takrorlaydi:

Mening uchun aziz bo‘ston,

O‘zbekiston! O‘zbekiston!..

SHU ZAMINDA TUG‘ILGANIMNING O‘ZIYOQ KATTA SHARAF

Zamira KARIMOVA, sambo, milliy kurash, dzyudo bo‘yicha Osiyo va mamlakat chempionatlari g‘olib hamda sovrindori:

- Har yili eng ulug‘, eng aziz bayram – istiqlol sanasi yaqinlashgani sayin oila a’zolarim, dugonalarim, tanish-bilishlarim meni ana shu ayyom qatorida tug‘ilgan kunim bilan ham qutlashadi. Chunki men istiqlol tengdoshiman, 1-sentabr - O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni tug‘ilganman. 

Istiqlol tengdoshi, mustaqil yurt farzandi ekanligim men uchun ulkan sharaf, yuksak unvondir. Shunday Vatanga munosib farzand bo‘lishdek mas’uliyatni har lahzada chuqur his etaman.

Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda aynan biz yoshlarning ham jisman, ham ma’nan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Mening sportda qo‘lga kiritgan yutuqlarimda ham ana shu omillar birlamchi ahamiyat kasb etgan. Bugun bir sportchi sifatida O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini ifoda etayotganligimdan faxrlanaman.

SAHRODAGI MO‘JIZA

Abror Sultonov, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ etilen sexi smena muhandisi:

- Bugungi dorilomon kunlarni bundan yigirma besh yil ilgari qay darajada tasavvurga sig‘dira olardik? To‘g‘ri, unda yosh bola bo‘lganman. Ammo hammasini yaxshi eslayman. O‘tirgan odamni diqqinafas qiladigan partalar, poli teshik sinfxonalar va sportzal... Ana shunday maktabga o‘qishga borgandim. Bunday holni ko‘rib, bir olam orzular bilan maktabga qadam qo‘ygan bolaning o‘sha paytdagi ahvolini o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ravering.

Shukurki, mustaqillik qo‘lga kiritilib, barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirila boshlandi. Maktabimiz tubdan rekonstruksiya qilinib, zamonaviy o‘quv jihozlari, kompyuter texnikalari bilan ta’minlandi. Qishloq maktabida yaratilgan bu kabi sharoitlar biz yoshlarga zavq berib, yaxshi o‘qishga,    izlanishga undadi.

Natija esa ko‘p o‘tmay o‘z samarasini berdi. Maktabni tugallab, Toshkent kimyo texnologiyalari institutiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim. Talabalik  chog‘imda G‘uzorda – o‘zim tug‘ilib-o‘sgan tumandagi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga amaliyot o‘tash uchun kelgandim. Yirik korxona faoliyati bilan ilk tanishish chog‘idagi hayratimni so‘z bilan ifodalay olmayman. Bir paytlar biyday cho‘l bo‘lgan, odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan joyda shunday zamonaviy zavod    paydo bo‘lgandiki, ta’rifga til ojiz.  Institutni bitirgach, albatta shu yerda ishlayman, deb jiddiy ahd qildim.

2004-yilda meni ikkinchi darajali kuzatuvchi sifatida ishga qabul qilishdi. 2009-yilgacha darajam pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib bordi va smena muhandisi bo‘ldim. Hozirgacha shu vazifada ishlab kelayapman. Bemalol ayta olamanki, bir paytlar bizning kelajagimizga shubha bilan qaraganlar gigant korxonalar bunyod etishni, undagi mahobatli  uskunalar bilan tillashishni bizdan o‘rganishsin.

Orada uylandim. Oilam korxona tomonidan uy bilan ta’minlangan. Ro‘zg‘orimiz but, dasturxonimiz to‘kin. Istiqlol bizga o‘zimizni ana shunday har tomonlama tugal baxtli his etish imkonini berdi. Bundan juda-juda xursandman.

Inson jamiyat va davlat manfaatlari uchun qanchalik foyda keltirsa, u shu qadar barkamoldir.

D.MENDELEYEV

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!