Меню
Қашқадарё
BIZNING BOLALAR…
Ota-onaning birinchi vazifasi – bolalariga baodob jamiyatda o‘zini qanday tutishni o‘rgatish; ikkinchi vazifasi esa – shunday jamiyatni topish.
R.ORBEN
ENG KICHIKLAR NIMANI TOMOSHA QILISHAYAPTI?
Zamonaviy odam ongiga bolaligidanoq ruhiy aynish buhronlari yopiriladi. Hozirgi multfilmlarning aksariyatida zo‘ravonlik, shafqatsizlik, haqiqatdan yiroq turmush, jinsiy patologiya va illatlar targ‘ib qilinadi.
Disney multfilmlarining an’anaviy syujeti: mushuk sichqonni tutib oladi va uni mo‘maygina dollarga pullaydi, so‘ng esa topgan pulini yashirib qo‘yadi-da, mushukxonimlar bilan dengiz bo‘yida ko‘ngil ochish haqida xayol suradi. Mana, bola ongiga murg‘akligidan singdirilayotgan xulq-atvor modeli: tutish, pullash, boshqalardan yashirish va bor pulini ko‘ngilxushlikka sarflash. Yana boshqa, zamonaviyroq syujet esa, bizda bir vaqtlar aytilganidek, “eng yoshi kichiklar” uchun: bu animatsion filmdagi superqahramon qiz klubda striptiz raqqosasi, “ish”dan bo‘sh vaqtida esa “69-maxfiy agent” vazifasini bajaradi va jinoyatchilikka qarshi kurashadi (“Striperella” multseriali). “69-agent”ning siynasi o‘ziga xos yolg‘onni aniqlovchi detektor, oyoqlari bilan esa u dushmanining bo‘ynidan mahkam qisib oladi va bo‘g‘ib o‘ldiradi. Bu multqahramonga pornomodel ovoz bergan. “Men Striperella bilan juda faxrlanaman, - deya ta’kidlagandi u “Reuters” agentligiga bergan intervyusida. - U mening uchun alter ego - kuchli, aqlli, jozibador, bundan tashqari, keling, haqiqatga tik boramiz, biroz yengiloyoq ham...”
Zamonaviy animatsion filmlarning aksariyatini monstrlar (beo‘xshov, mutant maxluqlar), fazoviy kelgindilar va boshqalar haqidagi multfilmlar tashkil qiladi, qaysiga qaramang qotillik, zo‘ravonlik. Syujeti kosmik janglaru, obrazlari superqahramonlardan iborat ko‘pgina multseriallar kichkintoydagi tug‘ma ezgulik hislariga putur yetkazadi. Multfilm va kompyuter o‘yinlari uning ongiga zo‘ravonlikni tiqishtiradi. Bola shuuri beixtiyor o‘z raqiblarini turli-tuman yo‘l-usullar (otish, portlatish, bo‘laklarga bo‘lish, olovda yoqish, suvda cho‘ktirish) orqali o‘ldirib, osongina bir yoqli qilayotgan superqahramonga taqlid qilishga intiladi. Zo‘ravonlik va qotillikdan iborat o‘yinlar dunyosiga kirgan go‘dak ulg‘aya borgani sari mushtumzo‘rlikka xuddi narkotik moddalarga ko‘nikkan kabi moslashib, o‘rganib boradi, endi u o‘ldirish va zo‘rlik qilishning yangidan yangi porsiyalarini his qilish va ko‘rishga ehtiyoj seza boshlaydi. O‘smirlik yoshida esa bunday bolalar ezgulikni targ‘ib qiladigan odatiy filmlarni tomosha qilish, qiziqarli, sermazmun kitoblar o‘qishga bo‘lgan qobiliyatini yo‘qotadi. Ular uning uchun zerikarli tuyuladi.
Bolalikdan hozirgi odamlar noreal – haqiqatdan yiroq hayot tarzida yashashga o‘rgatilayapti. Real hayotdan uzoqlashish – bu ko‘pchilik multfilm va kompyuter o‘yinlarining asosi. Ilgari ham ertaklarda noreal, xayoliy mavjudotlar bo‘lgan, biroq ular hamisha real qahramonlar bilan birgalikda harakat qilishgan, ularga yordam berishgan. Hozir hammasi boshqacha: o‘ylab topilgan fazoviy kemalar, uydirma personajlar, yolg‘ondakam qurollar... Bular ta’sirida real hayoti ham bolaga xuddi bosh maqsadi hokimiyat uchun kurash va pul topishdan iborat bo‘lgan o‘yin va ko‘ngilxushlik kabi ko‘rinadi.
Yana, hozirgi multfilmlardagi deyarli barcha personajlarning jinsiy belgilari ataylab bo‘rttirib ko‘rsatiladi: yarim ochiq ko‘krak yoki bo‘ksa. Agar bunday bo‘lmagan taqdirda ham bosh qahramon striptizchi, agar bu qo‘g‘irchoq bo‘lsa, albatta, xuddi Barbi qo‘g‘irchoqlari singari ayollik belgilari nihoyatda bo‘rttirilgan “jonon”. Bunday kuchli bosimga ega targ‘ibot bolada yanglish jinsiy dunyoqarash shakllanishiga turtki bo‘ladi.
Gomoseksualizmni targ‘ibot qilish esa taraqqiylashgan davlatlarda hukumat tomonidan tavsiya etilayapti. Bolalar bog‘chalarida allaqachon Yevroittifoq tomonidan tavsiya etilgan, go‘dakka ikki sevishgan shahzoda haqidagi ertakni o‘qib berish ko‘zda tutilgan dastur joriy qilinmoqda. Mana, shunday “ertak”lardan birining qisqacha mazmuni: “Bir shahzoda yashagan ekan, u malikani sevarkan va uning qalbini zabt etishga bor kuchi bilan urinibdi, ammo malika unga iltifot qilmabdi, shunda shahzoda o‘z do‘stini chaqiribdi va u bilan muhabbatga boy umr kechira boshlabdi”.
Litvalik ota-onalar mamlakat mehnat va ijtimoiy himoya vazirligiga murojaat qilishgandi. Ular “Gender Loops” deb ataluvchi ta’lim loyihasini bekor qilishni talab etishgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu dastur murg‘aklarga noan’anaviy jinsiy munosabatlar haqida tushuncha berishni ham o‘z ichiga olgan ekan. Vaholanki, bunday dasturning qo‘llanishi umumiy patologiya (buzilish, aynish)ni yuzaga keltirishi hech gap emas...
BARBI QO‘G‘IRCHOQLARI
Barbi qo‘g‘irchoqlari alohida diqqatga sazovor. Multfilmlarning namoyish etilishida televideniyeni ayblasa bo‘lar, biroq Barbi qo‘g‘irchoqlarini ota-onalarning o‘zlari farzandlariga sotib olib berishadi. Va AQSHda 1959-yilda ixtiro qilingan, bir qarashda beozor ko‘rinadigan bu o‘yinchoqdan yopirilayotgan xatarni bilishmaydi. Avvaliga Barbining tarixi haqida to‘xtalsak.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Barbining muallifi amerikalik Rut Xandler sanaladi. Qo‘g‘irchoqlarni tadqiq qilgan professor M.G.Lord shunday yozadi: “Barbining ilk o‘tmishdoshi qo‘g‘irchoq Lillidir. Lilli birinchi marta 1952-yilning 24-iyulida paydo bo‘lgan va juda tez ommalashib ketgan. Unga prototip bo‘lgan yengiltak ayol – Lilli ikki narsani – ko‘ngilxushlik va pulni xush ko‘rar, puldor jazmanlarini tez-tez almashtirib turardi”.
Rut Xandler ilk marta Lilli qo‘g‘irchog‘ini ta’tilini o‘tkazayotganida Shveytsariyada ko‘rgan. “Biz ko‘chada ketayotgandik, do‘konlarga qarab, men yuzi va qomati xuddi katta yoshli ayolnikiday yasalgan g‘aroyib qo‘g‘irchoqni ko‘rib qoldim”, deya o‘z biznes-momentini ayricha havas bilan eslaydi Rut.
Hatto g‘arblik ruhshunoslar ham Barbi qo‘g‘irchog‘i qizaloqlarda shaxs va jamiyatga zarar yetkazadigan xulq-atvorni shakllantirishi mumkinligidan jiddiy xavotirdalar. Qizchalarning ruhiyati o‘zgara boshlaydi – “ularda bolalarga xos bo‘lmagan istig‘no, sovuqlik va erta ulg‘ayish belgilari namoyon bo‘ladi”. Barbisini yasantirar ekan, murg‘ak qizaloq o‘z hayotiy maslagini tuza boshlaydi – u ham kimningdir qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lishni xayol qiladi.
Avvallari qizchalar qo‘g‘irchog‘i bilan “qiz-ona” o‘yinini o‘ynardi. Qo‘g‘irchoq go‘dak ko‘rinishida bo‘lgani uchun murg‘ak qizaloqqa yaqin va tushunarli edi. Va u qizginani eng asosiy vazifaga – ona bo‘lishga tayyorlardi. Endi esa bu o‘yin butunlay o‘zgacha tus olayapti. Barbi qo‘g‘irchog‘i qizchalarga ona rolini o‘rgatmaydi. Bu yerda ota-ona bilishi shart bo‘lgan eng muhim jihat shuki, Barbiga enagalik qilish kerak emas, uni yasantirish kerak. Bolaligidanoq qizchalarga qandaydir o‘rtamiyona go‘zallik ideali singdirilishi oqibatida ular sal ulg‘aygach, o‘zlari o‘ynagan “sohibjamol”ga o‘xshashga intiladilar. O‘ta ozg‘in, ramaqijon, hurpaygan sochli Barbi qo‘g‘irchog‘i go‘yo zamonaviy maneken ayollarning qiyofasini masxara qilayotganday...
Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.