Меню
Қашқадарё
BIR USTOZIM BOR EDI...
Har gal Qashqadaryoga yo‘lim tushgudek bo‘lsa, to‘g‘ri Minjirga bir kirib o‘taman, otamiz va onamizni ko‘rgan, bilgan, yelkadosh bo‘lgan duogo‘y, farishtasifat otaxon va onaxonlarni ziyorat qilaman. Ko‘nglim tog‘dek ko‘tariladi, xotiralar uyg‘onadi.
Mahmadiyor XUSHVAQTOV...
Bu nom menga nihoyatda qadrli va aziz.
...Yosh bola edim u paytlari. Endigina maktabga qatnay boshlaganman. Birinchi o‘qituvchilarim Kimyo opa Boymirzayeva, Qorasoch opalarga ergashib, besh chaqirimcha keladigan Bo‘gajil qishlog‘ida joylashgan Maqsud Shayxzoda nomidagi 21-o‘rta maktabda tahsil olganman. Mahmadiyor aka bilan qo‘shni edik. Otasi Xushvaqt bobo ham qishloqning ma’rifatli kishilaridan edi. Oilada yolg‘iz o‘g‘il edi. Esimda, 5-6 sinflarda o‘qiyotganda adabiyotga o‘zgacha mehr qo‘ya boshladim. Bu qiziqishlarimni sezgan adabiyot muallimimiz Normurod Jumayev meni to‘garakka jalb etdi. Shundan keyin vaqtli matbuotni kuzata boshladim. Eng qizig‘i, tumanimizda chop etiladigan “G‘alaba” (hozirgi “Kitob tongi”) gazetasida har-har zamonda “M.Xushvaqtov” degan imzo bilan xabarchalarga ko‘zim tushardi. Axborotlarning aksariyati biz yashaydigan hududga tegishli bo‘lardi.
Bir kuni Normurod domlamizdan “M.Xushvaqtov kim, taniysizmi?” deb so‘radim. U kishi odatdagidek jilmayib: “Sizlarga dars beradigan domla-da, shuniyam bilmaysizlarmi?” deb qoldi. Hayron bo‘ldim. Negaki, bunday ism-sharifli muallimni eslolmadim. Oxiri ustoz yorildi: “M. Xushvaqtov — Jovli domla-da!” “Taxallus bilan chiqadimi?” desam, “Yo‘q, asl ismi Mahmadiyor” deb javob berdi...
Shu-shu ustoz bilan sirdosh bo‘lib ketdik. Anchagina jiddiy va mulohazakor bu inson bilan har kim ham til topishga iymanardi. O‘zimcha hech kimga ko‘rsatmay qoralab yurgan yozuvlarimni u kishiga tutqazardim. Mabodo she’riy mashqlar bo‘lsa, sekingina “Normurod domladan o‘tadigani yo‘q, ishonaver” deb qo‘yardi. Maqola, xabarlarimni esa erinmay tahrir qilib, o‘zi bilan Kitobga, tahririyatga olib borib topshirardi.
Yozishga ancha-muncha qo‘lim kelib qolganidan ko‘ngli to‘lgan ustoz bir kuni yoniga chorlab, “Endi o‘zing gazetaga borib, ijodkorlarga ko‘rinib tur, mening esa ishlarim ko‘p”, deya yana bir dunyo maslahat, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar.
Tahririyatda esa Suhrob Rustamov, Maysara Haydarova, Yusuf Umirov, Murodulla Eshmurodov, Ibrohim Azizov, Mamatqiyom Salomov, Lola O‘roqova, Zebo Rahimova, Xosiyat... kabi fidoyi jurnalistlar o‘zlarining beminnat ko‘maklarini ayashmadi. Hozirgacha shunday ustozlarim borligidan faxrlanaman.
Yillar esa daryodek jo‘shib, shoshib o‘tib ketaverdi. Taqdir ko‘p sinovlarni boshimga soldi. Barcha og‘ir-yengil tashvishlarni yengishimda adabiyot yuragimga malham, jonkuyar ustozim Mahmadiyor Xushvaqtovning saboqlari esa hayot yo‘llarimda o‘chmas nur-ziyo bo‘ldi.
Mahmadiyor aka bilan so‘nggi marta Minjir qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan bir to‘yda ko‘rishdik. O‘sha yillari men O‘zbekiston televideniyesida “Yaxshilik” ko‘rsatuvini tayyorlardim. Hamqishloqlarim, tanish-bilishlar davrasidan chiqayotsam, qarshimda quchog‘ini ochib Mahmadiyor domla turardi. “Ming rahmat senga, kindik qoning to‘kilgan go‘shani qancha ko‘p ziyorat qilsang, savobga qolasan, ukajon, televizorda seni ko‘rib qolsam, ishonasanmi, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Farzandlarimga maqtanib qo‘yaman, senday qadrdon ukam, shogirdim borligidan faxrlanaman. Mening o‘g‘illarim ham Toshkentda o‘qiyapti, aytaman, sen bilan uchrashadi, nasib etsa, zo‘r mutaxassis bo‘lib yetishishadi”, deya g‘ururga to‘lib so‘zladi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi, qishloqdoshlarim orasida o‘zining kamsuqum, halol va mehnatsevarligi bilan obro‘, qadr topgan insonning qazo qilganini eshitib, ancha vaqtgacha ezilib yurdim...
Xotira uyg‘onsa go‘zaldir, deydilar. Demak, xalq, millat, Vatan bor ekan, xotira saodati ko‘ngillarni boyitib boraveradi. O‘zining kamtarin xizmati va mehnati bilan el-ulus orasida obro‘, qadr topgan bunday ustozlar nomi har yurakda aks - sado beraveradi.
Norqobil JALIL,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.