Меню

Қашқадарё

31.01.2017 1900

BIR SUTKADA 20 KUB METR BIOGAZ

Xususan, "Sho‘rtanneftgaz" MCHJ issiqlik va gaz ta’minoti sexida biogaz ishlab chiqarish tarmog‘ining joriy qilinishi bu boradagi amaliy ishlardan biri sanaladi. Mazkur tarmoqda organik chiqindilardan havosiz muhitda bijg‘itish usuli bilan gaz yoqilg‘isi hosil qiladigan qurilma ishga tushirilgani energiya uchun sarflanadigan mablag‘ning ancha qismini tejash imkonini berayapti.

- Qurilmaning asosi har biri 25 kub metrlik ikki maxsus reaktordan iborat, - deydi sex xodimi Fazliddin Diyorov. - Ma’lumki, qurilmaga xomashyo solingach, 12-15 kun mobaynida bijg‘ish jarayoni kechadi va shundan keyin biogaz ajralib chiqadi. Shu bois reaktorlarni navbatma-navbat ishlatish evaziga mahsulot olish uzluksizligini ta’minlayapmiz. Biogaz qurilmasi uchun xomashyoni korxonaning chorvachilik tarmog‘i yetkazib berayapti.

Mazkur qurilma bir sutkada 20 kub metr biogaz ishlab chiqarish imkonini berarkan. Olingan biogaz esa maxsus sig‘imda to‘planib, gaz taqsimlash uskunasi orqali korxonaning chorvachilik tarmog‘idagi yem tayyorlash qozonxonasiga va binolarni isitish uchun yuborilishi ma’lum miqdorda tejamkorlikka asos bo‘layotgani bor gap. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan biogazning 20-25 foizi qurilmani qizdirishga sarf etilayotgan ekan.

- Qurilma asosida biogaz ajratib olingach, xomashyo bioo‘g‘it sifatida ekin maydonlariga jo‘natiladi, - deydi Fazliddin Diyorov. - Ma’lumki, bunday ozuqa tuproq unumdorligini oshiradi.  

Bundan ko‘rinadiki, biogaz ishlab chiqarishni joriy etish har qanday subyekt uchun faqat va faqat foydali amaliyot. Ayniqsa, kommunal muammo sifatida tez-tez tilga olinayotgan uzluksiz gaz ta’minotiga ega bo‘lish shu qurilma asosida amalga oshadi. Biroq hali viloyatimizda bu usulda gaz olish tajribasi ommalashmagan.  Vaholanki, shu ish tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda turli grantlar e’lon qilindi, imtiyozli kreditlar olish borasida qator qulayliklar yaratilmoqda. Eng qizig‘i, bir qancha xorijiy mamlakatlarda hatto oddiy xonadonlar uchun ham biogaz qurilmasidan samarali foydalanilayotgan bir vaqtda biz bu boradagi mavjud imkoniyatlardan foydalanmayapmiz.

Qayd etish joiz, biogaz olishni viloyatimizda ommalashtirishning ko‘plab iqtisodiy va ekologik afzalliklari bor. Avvalo, bu mahalliy sharoitda muayyan miqdorda biogaz olish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash muammosini yumshatadi. Eng asosiysi, biogaz qurilmasi atmosferaga ammiak va metan gazi chiqarilishini ma’lum darajada kamaytirib, ekologiyani yaxshilashga xizmat qiladi.

Azizbek NOROV

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!