Меню
Қашқадарё
BEZARAR VA SAMARALI
Shunday ekan, bugungi kunda dorivorlik xususiyatiga ega ushbu giyohlarni nafaqat tabiiy holda o‘stirish, balki plantatsiyalarda ko‘paytirish, ulardan zamonaviy texnologiyalar asosida dori vositalari tayyorlash, zarur ko‘rinishda qadoqlashni keng yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni jadal mahalliylashtirish hisobidan aholining mavjud ehtiyojini to‘laqonli qondirish dolzarblik kasb etmoqda. Prezidentimizning joriy yil oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadga qaratilgani ahamiyatlidir. Bu esa tibbiyotda ham arzon, ham tez ta’sir ko‘rsatish, samarali davolash imkonini beruvchi mahalliy dori vositalari turi ortishiga xizmat qiladi.
Aytish joizki, viloyatimizda mavjud bu boradagi ulkan salohiyat, hali to‘la foydalanilmagan imkoniyatlar istiqbolda sohada yuqori samaradorlikka erishishni kafolatlaydi. Chunki manbalarda yozilishicha, vohamizda ming turdan ortiq o‘simlik yovvoyi holda o‘sadi. Shundan 200 dan ko‘pining dori-darmonlik xususiyati aniqlangan. Ularning ayrimlari zamonaviy tibbiyotda, bir qanchasi xalq tabobatida ishlatilmoqda. Dorixonalardan ham bugun tabiiy iqlim-sharoitimizda o‘sgan ko‘pgina giyohlarni topish mumkin.
Misol uchun, viloyatimiz hududida uchraydigan limon o‘ti, mutaxassislarning e’tirof etishicha, nafas va yurak-qon tomir tizimi, jigar faoliyatiga ijobiy ta’sir etib, ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi. Ana shunday o‘simliklardan yana biri qichitqi o‘t esa turli bakteriyalarni o‘ldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi, o‘t haydovchi sifatida qo‘llaniladi. Tabiatning yana bir “tabibi” – zubturum giyohi ekstrakti yara-jarohatlarning bitishi va to‘qimalarning et olishini tezlashtiradi.
- Viloyatimiz hududida o‘suvchi qator dorivor giyohlar asosida turli xil dori-darmonlar ishlab chiqarish borasida katta tajriba to‘plangan, - deydi oliy ma’lumotli farmatsevt Azamat Azatov. - Masalan, buznoch (o‘lmas o‘t) - ko‘p yillik o‘simlik. Tabobatda uning gul savatchalari keng ishlatiladi. Asosan Kitob tumani Hazrati Bashir, Varganza, Omonqo‘tan qishloqlarining qir-adirlarida, Dehqonobod tumani Cho‘chqar tog‘ tizmalarida o‘sadi. O‘simlik gullaridan tayyorlangan qaynatma yoki damlamadan xalq tabobatida gepatit, xoletsistit, nefrit, gastritni davolashda foydalaniladi. Zamonaviy tibbiyotda esa buznoch o‘tidan tayyorlangan preparat me’da-ichak yo‘li va buyrak kasalliklarida o‘t suyuqligini haydaydigan, yallig‘lanishga, bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatadigan vosita sifatida qo‘llaniladi.
Ma’lumki, mutaxassislar kimyoviy preparatlarni uzoq vaqt mobaynida uzluksiz ravishda qabul qilish inson organizmida noxush o‘zgarishlarni, allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi, deya uqtirishadi. Shifobaxsh giyohlar o‘z o‘rnida qo‘llanilsa, bemor uchun mutlaqo zararsizdir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, dorivor o‘simliklarga va ulardan tabiiy holda olinadigan dorivor preparatlarga talab va ehtiyoj dunyo miqyosida oshayotgani kuzatiladi.
- Davolash jarayonida tabiiy giyohlarning samarasi tezda seziladi, - deydi “Geolog” sanatoriy-profilaktoriy bosh shifokori Shahnoza Hayitova. – Masalan, birgina “pol-pola” nomi bilan bizga tanish bo‘lgan dorivorni olaylik. Bu vosita peshob haydovchi, buyrak pufagidagi toshlarni eritish, tanadagi modda almashinuvini yaxshilash xususiyatiga ega. Uning asosini esa qizil do‘lana, limon o‘ti, qirq bo‘g‘im, loviya po‘stlog‘i, qalampir yalpiz, tirnoqgul, chilonjiyda tashkil etgan. E’tiborlisi, ana shu kabi dorivorlik xususiyatiga ega giyohlardan tibbiy muassasalarda keyingi yillarda foydalanish kengaymoqda.
Darhaqiqat, dorivor giyohlarni to‘g‘ri qo‘llay olsak, ayrim kimyoviy asosga ega dori vositalari bermaydigan natijaga erishish mumkin. Ana shu nuqtai nazardan ularni qayta ishlash va zamonaviy talablarga mos shakl va ko‘rinishda iste’molga kiritish esa davr talabi. E’tiborli jihati, “Qashqadaryo dori-darmon” AJ, “Kitob farm” , “Aziz-M”, “Al-Nasafiy kafolat farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan va boshqa ishlab chiqarish korxonalarida allaqachon bu talabdan kelib chiqib ish olib borilmoqda.
- Hozirda jamiyatimizda 4 turdagi dorivor giyohni qayta ishlash asosida mahsulot tayyorlanayapti, - deydi “Kitob farm” MCHJ mutaxassisi Hayrulla Bobomurodov. – Zarur xomashyoni o‘rmon xo‘jaliklaridan olayapmiz. Dalachoy, tirnoqgul, kiyik o‘ti, na’matak mevasini turli o‘ram va miqdorda qadoqlayapmiz. Qayta ishlanayotgan aksariyat dorivor o‘simliklar yovvoyi tabiatda o‘sadi. Tirnoqgul o‘simligi esa Yakkabog‘ tumanidagi maxsus plantatsiyalarda yetishtirilmoqda. Bu mahsulotlarni nafaqat kasalliklarda, balki har bir odam profilaktika maqsadida ham qo‘llasa bo‘ladi.
Bugun mamlakatimizda dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, o‘zimizda yo‘q turlarini xorijdan keltirib hudud iqlim-sharoitiga moslashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu giyohlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu ishlar aholi salomatligini yanada yaxshilash, yurtdoshlarimizni o‘zimizda ishlab chiqarilgan arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, kelgusida ularni xorijga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoit hozirlashi bilan muhimdir.
Sojida ALLAYOROVA