Меню

Қашқадарё

06.04.2018 1169

BEMOR SHIFOKOR OLDIGA EMAS, SHIFOKOR BEMOR OLDIGA BORADI

1948-yil 7- aprelda Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ustavi ratifikatsiya qilinib, unga yuridik maqom berildi. Shu sababli har yili dunyoning barcha mamlakatlarida 7-aprel - Butunjahon salomatlik kuni sifatida nishonlanadi.

Mazkur kun dunyo xalqlari oldida dolzarb va yechimini kutayotgan ma’lum bir kasallikning oldini olishga bag‘ishlanadi. Bugungi tadbirlar esa “Salomatlik barcha uchun” shiori ostida o‘tmoqda.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda inson salomatligiga bo‘lgan g‘amxo‘rlik o‘z samarasini berayotir. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida olib borilayotgan salomatlik haftaliklaridan ko‘zlangan maqsad ham shunga qaratilgan. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarda mustahkam oila qurishga intilishni kuchaytirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha doimiy tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi ham doimiy diqqat-e’tiborda.

 - Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash hamda 2017-yil  1-maydagi “Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash muassasalarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 150 o‘rinli    Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi Qarshi filiali va Shahrisabz, Kitob, Qamashi, G‘uzor tumanlarida 80 o‘rinli tumanlararo endokrinologiya bo‘limlari tashkil etilmoqda, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov. - Shuningdek, 120 o‘rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filialining yangi binosi qurilmoqda. Koson, Nishon, Qamashi, Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida 100 o‘rinli tumanlararo kardiologiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirlandi, 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi bino qurildi. Ayni paytda ushbu muassasalarni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug‘ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Bu  xastalikni operatsiya yo‘li bilan butunlay bartaraf etish va bemorni to‘laqonli hayotga qaytarish mumkin. Biroq shu vaqtgacha bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun viloyatimizda yetarli sharoit yo‘q edi.

- Endi bunday operatsiyalar xorijlik mutaxassislar ishtirokida shu yerning o‘zida amalga oshiriladi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filialining davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari To‘lqin Mamarasulov. - Buning uchun Germaniya va Rossiya davlatlari muassasalari bilan shartnoma imzoladik.

Tibbiy xizmatning yana bir muhim yo‘nalishlardan biri – bu aholining dori-darmon vositalari bilan ta’minlanishidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2017-yilning 1-yanvaridan yangi tartib-qoida joriy etildi. Unga ko‘ra chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib     berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilmoqda. Jumladan, 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositasi va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi.

- Dispanserimizda davolanayotgan bemorlar va ularning yaqin qarindoshlarini muassasada mavjud dori-darmon vositalari bilan tanishtirib borish maqsadida har bir palata va qabul bo‘limiga ularning ro‘yxatlari joylashtirilgan, - deydi viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori Dinora Aliyeva. - Bo‘limlar va muolaja xonalarida tibbiy xizmatlar bepul ekanligi to‘g‘risidagi e’lonlar yozib qo‘yilgan. “Bemor shifokor oldiga emas, shifokor bemor oldiga boradi” tamoyiliga amal qilgan holda, ularni joyida dastlabki ko‘rikdan o‘tkazish amaliyotini joriy etdik. Bu jarayonga tor ixtisoslikdagi mutaxassislar ham jalb qilinmoqda. Zarur laboratoriya tahlillari ham shu yerning o‘zida o‘tkazilayotgani tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, xalqimizning uzoq umr kechirishini ta’minlash, sog‘lom va farovon turmush uchun qulay sharoit yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik yurtdoshlarimizning hayotga ishtiyoqini kuchaytirib, ularda ertangi kunga ishonchni yanada mustahkamlamoqda. 

Shohista BOZOROVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!