Меню

Қашқадарё

23.02.2017 1418

BARCHASI INSON VA UNING MAFAATI UCHUN

Oltiboy KENJAYEV, Muborak tumani, pensioner:

- Qishlog‘imizda duv-duv gap tarqaldi. Hammaning og‘zida bir gap. Endi pensiya naqd pulda berilar ekan. Avvallari choyxonaga, bozorga yoki sartaroshxonaga chiqqanda, plastikda xizmat ko‘rsatilmaganligi sababli noqulay ahvolga tushar edik. Plastikdagi nafaqamizni naqd pul qildirish uchun esa 35-40 kilometr yo‘l bosib tuman markazidagi bankka borardik. Endi bunga hojat qolmadi. Qanday yaxshi. Bunday muammolarni o‘z vaqtida o‘rganib, oqilona yechimini topgan, biz, keksa avlodga yaxshi imkoniyat yaratgan Prezidentimizga rahmat!

Zokir SOHIBOV, Qarshi shahridagi Kat mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

- Bu yangilikni nafaqat pensionerlarimiz, balki hududdagi budjet tashkilotlari xodimlari, talaba yoshlar ham katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Axir ana shu amaliy ko‘mak orqali qanchadan-qancha oilalarga baraka kiradi, ko‘plab ovoragarchiliklarning oldi olinadi. Chunki shu vaqtgacha kishilar plastik kartochka bilan bog‘liq masalalarda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Ayrim sotuvchilar yo plastik kartochkada to‘lov qabul qilishni rad etar yoki mahsulot narxi birdaniga “o‘sib” qolardi. Transport-chi? Ularning bari naqd pulga yuradi. Dehqon bozorlarining, savdo rastalarining esa terminal bilan ta’minlanganlari barmoq bilan sanarli. Ayniqsa, kirib-chiqishga qiynaladigan qariyalarimiz naqd pul yo‘qligidan, to‘g‘risi, aziyat chekib kelayotgandi. Quvonarlisi, Prezidentimiz qarori bilan mazkur masalalarga yechim topildi. Farovonligimiz yanada yuksalishiga, odamlar hayotdan rozi bo‘lishiga zamin hozirlandi.  Bu ijtimoiy himoyaning hayotiy ifodasidir.

Meyli JO‘RAYEV, Chiroqchi tumani, keksa pedagog:

- O‘qituvchi bo‘lib ishlaganim sabablimi, pensiya olganimda, a’lochi nevaralarimni rag‘batlantirishni, ularga sovg‘a yoki kerakli biror buyum ulashishni odat qilganman. Farzandu nabiralarni yo‘qlab uyiga borayotganimda non, qand-qurs olib borishni ham kanda qilmayman. Nafaqamiz plastik kartochkaga o‘tgandan so‘ng bu borada biroz qiynalib qolgan edim. Chunki qishlog‘imizdagi savdo do‘konlarida istagan vaqtingda “plastik”ka mahsulot xarid qilib bo‘lmaydi. Faqat uni tuman markaziga borgandagina ishlatib, ul-bul olishimiz mumkin edi. Shu masala ta’bimizni biroz xira qilardi. Prezidentimizga ming rahmat, endi pensiyani to‘liq naqd pulda oladigan bo‘ldik. Qishlog‘imizning barcha keksalari xursand, to‘y-ma’rakalar, oila davrasida davlatimiz rahbarini duo qilib o‘tiribmiz.

Fayzulla YUSUPOV, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i: 

- Bugun viloyatimizda 256 ming 532 nafar pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchi fuqarolar bor. Shu kunga qadar ularning 231 ming 547 nafari pensiya va nafaqa pullarini bank plastik kartochkasi orqali olardi. Biroq ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bozorlarning to‘lov terminallari bilan to‘liq ta’minlanmagani tufayli aholi uchun qator noqulayliklar kelib chiqayotgan edi. Shuning uchun har kuni o‘nlab fuqarolar boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlariga ushbu masala bo‘yicha murojaat qilardi. Qaror talablaridan kelib chiqib, ayni vaqtda pensiya va nafaqalarni naqd pulda to‘lash ishlari boshlab yuborildi. Pochta bo‘limlariga fevral oyi uchun to‘lov ro‘yxatlari taqdim etildi. Chekka hududlarda ham pensiya pullarining o‘z vaqtida yetkazilishi yuzasidan bank va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli va samarali himoya qilish, ularning     O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida tovar va xizmatlar xaridi  uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishiga qulay sharoitlar yaratishga doir qat’iy choralarni belgilab bergani bilan ahamiyatlidir.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!