Меню

Қашқадарё

26.11.2016 2701

BANAN

Banan tarkibida uglevodlarning kattagina zaxirasi mavjud. 100 gramm quritilgan bananning kaloriyasi 346 kKalga teng. B1, B2, B3, B9, A, PP, C, Y kabi darmondorilar, kalsiy, kaliy, natriy, magniy, fosfor, mis, temir, rux kabi mikroelementlarga boy. U qondagi shakar miqdorini tezda ko‘taradi. Bu mevaning kundalik iste’mol ratsioniga kiritilishi buyrak va jigar xastaliklarida, kamqonlikni davolashda yordam beradi. Ateroskleroz, gipertoniya, depressiyani yengishda samarali vosita sanaladi. Shuningdek, jig‘ildon qaynashi, qabziyatda shifo bo‘ladi. Asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uni tinchlantiradi va uyquni meyorlashtiradi. Banan iste’moli qonda serotonin ishlab chiqarilishini ko‘paytiradi. Antiseptik va burishtiruvchi xususiyatga egaligi bois oshqozon shilliq qavati va og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishida, enterit, oshqozon-ichak yarasida davo bo‘ladi.

Yurak qon-tomir tizimi xastaliklaridan aziyat chekuvchilarga bananni ko‘p iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tromboflebit, yurakning ishemik kasalliklari bilan og‘rigan, shuningdek, yaqindagina infarkt yoki insult o‘tkazgan kishilar banan iste’mol qilmaganlari ma’qul.

ANOR

Anor – bo‘yi 6 metrgacha yetadigan buta daraxt bo‘lib, shoxlari tikanakli, barglari mayda-mayda, gullari qo‘ng‘iroqsimon ko‘rinishga ega.

Anor mevasi tarkibida C, B6, B12, P darmondorilari mavjudligi aniqlangan. U kletchatka, mineral moddalar va kalsiy, magniy, kaliy, marganets, fosfor, yod, temir hamda natriy singari mikroelementlarga boy. Anor sharbatida 8 foizdan 20 foizgacha shakar (glyukoza va fruktoza), 10 foizgacha limon, olma, vino va boshqa organik kislotalar, shu bilan birga, ko‘p miqdorda fitonsidlar, azot va oshlovchi moddalar, tanin, xlor va boshqa tuzlar mavjud.

Anor yaxshi chanqovbosdi meva sanaladi. Ishtahani ochadi, qonda eritrotsitlar hosil bo‘lishi va gemoglobin ishlab chiqarilishini ta’minlaydi. Immunitetni mustahkamlab, asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qonni ko‘paytiradi va uning aylanishini yaxshilaydi. Keksalar va jarrohlik operatsiyasini boshidan o‘tkazgan kishilarga foydasi katta. Uning guli va mevasidan tayyorlangan nastoyka qadimdan qon ketishini to‘xtatuvchi bebaho vosita hisoblanadi.

Anor sharbati yurak, o‘pka, jigar xastaliklarida samarali shifobaxsh vosita sifatida tavsiya etiladi. Ayollarning klimaks davri bilan bog‘liq xastaliklarini davolashda va depressiyani yengishda foydali. Anor sharbatini muntazam iste’mol qilish saraton xastaligiga chalinish xavfini kamaytiradi. Bu sharbat nurlanish xavfi yuqori joylarda ishlovchi va shunday hududlarda yashovchilar uchun bebaho ne’matdir. Ateroskleroz, singa, oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda, shuningdek, shamollashda anor sharbati tez ta’sir ko‘rsatadigan shifo vositasi. Bronxial astma va kamqonlikni davolashda ham anor sharbatini muntazam iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Manbalar asosida XURSHIDA tayyorladi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!