Меню

Қашқадарё

01.03.2016 1683

ALOE

Aloe bargi va poyasi allantoin, V, S, Ye darmondorilari, beta-karotinga boy. Bargida ko‘plab miqdorda efir moylari, polisaxaridlar, fermentlar, aminokislotalar, fitonsid va minerallar bor. Nurlanish, yallig‘lanish bilan bog‘liq kasalliklarda, yaralarni tuzatishda eng yaxshi dorivor vositalardan biridir. Ovqat hazm qilish tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, safro ajralishini yaxshilaydi.

Aloe sharbatidan olingan barbaloin antibiotigi tuberkulyoz va teri xastaliklarini davolashda qo‘llanadi. Surunkali gastrit, pankreatit, kolit, bronxial astma, konyunktivit singari kasalliklardan xalos bo‘lishda yaxshi samara beradi. Aloe stafilokokk, streptokokk kabi xavfli mikroblarga qarshi eng yaxshi vosita hisoblanadi.

Shuningdek, aloe yuz terisi parvarishida ham qo‘llanadi.  

ZANJABIL

Zanjabil (imbir) – o‘tsimon o‘simlik bo‘lib, tropik mamlakatlarda o‘sadi. Uning ildizi dorivor va ziravor vosita o‘rnida ishlatiladi.

Zanjabil tarkibidagi antioksidantlar immun tizimini mustahkamlab, organizmda mikroblarni yo‘qotishga yordam beradigan T-limfotsitlari ishlab chiqarilishini ta’minlaydi. Shuningdek, zanjabil ildizi aminokislotalar, efir moylari, rux, kaliy, natriy, fosfor, kalsiy, magniy, temir moddalariga boy.

Ishtaha ochuvchi, qon aylanishini yaxshilovchi vosita. Og‘riq qoldirish xususiyatiga ega, yallig‘lanishga qarshi yaxshi samara beradi, organizmni toksinlardan tozalaydi. Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.

Shu bilan birga, gastrit, kolit kabi xastaliklar bilan og‘rigan odam organizmiga zanjabil salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun mutaxassislar uni qo‘llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni tavsiya etishadi.

Manbalar asosida Xurshida ABDULLAYEVA tayyorladi.

 

 

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!