Меню
Қашқадарё
6560 NAFAR BOLA
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalash, bolajonlarning yozgi ta’til vaqtida qiziqarli va maroqli dam olishini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir bolaga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatilmoqda.
Bugun oromgohlar faqatgina jismoniy sog‘lomlashtirish maskanlari sifatida emas, balki farzandlarimizning ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish markazlariga aylandi. Yangicha yondashuv asosida ishlab chiqilgan maxsus dasturlar bo‘yicha oromgohlarda tarbiyaviy yo‘nalishlardagi ishlar va tadbirlar mazmuni tubdan yangilanib, ma’naviy jihatdan boyitildi.
Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil yoz oylarida to‘rt smenada jami 26440 nafar bolaning oromgohlarda dam oldirilishi mo‘ljallangan. Ular orasida 1600 nafar kam ta’minlangan oila farzandi, 90 nafar Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchisi va 100 nafar iqtidorli bolani bepul yo‘llanmalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
- Bolalarning ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar rejasi ishlab chiqildi, - deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Bahrom Sattorov. - Unda muzeylar, istirohat bog‘lari, sport obyektlariga sayohat uyushtirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tanlovlar va sport marafonlari dasturi ham tayyorlandi. Bolalar ko‘p vaqtini ashula aytish, rasm chizish, raqs, to‘qish, dizayn, voleybol, basketbol, stol tennisi to‘garaklarida o‘tkazadi. Oromgohlarda malakali shifokor va tibbiyot hamshiralari bolalar salomatligini nazorat qilib boradi. Shuningdek, viloyat musiqali drama teatri va qo‘g‘irchoq teatri ijodiy jamoalarining qiziqarli spektakl va dasturlari ularga unutilmas quvonch bag‘ishlaydi.
- To‘rt yildan buyon ta’tilda "Yoshlik" bolalar oromgohiga boraman, - deydi Kasbi tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Muhabbat Qurbonova. - U yerning sharoitlari juda yaxshi. Juda ko‘p o‘yinlar, turli-tuman qiziqarli kechalar tashkil etiladi, g‘oliblar esa rag‘batlantirib boriladi. Oromgohdan juda ko‘p do‘stlar orttirib qaytganman. Har yili borganimda ularning ko‘pchiligi bilan yana uchrashaman. Bu yil ham do‘stlarim bilan miriqib hordiq chiqarish niyatidaman.
Bolalar oromgohlarga ota-onalar, jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda kuzatildi.
Shohista BOZOROVA